O‘zbekiston hukumati Toshkent va Yangi Toshkentni ikkita metro liniyasi bilan bog‘lashni rejalashtirmoqda. Bu haqda qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari, Yangi Toshkent shahrini barpo etish direksiyasi direktori Davronjon Odilov “O‘zbekiston 24” telekanalining “Menimcha” ko‘rsatuvidagi intervyusida ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, Yangi Toshkentning transport-logistika masalalariga Germaniya, Janubiy Koreya va Turkiya kompaniyalari jalb etilgan.

“Avvalambor, Toshkentning transport modeli yaratildi, u makromodel deyiladi. Yangi shaharga ikkita metro liniyasi — „Buyuk Ipak yo‘li“ va „Do‘stlik“ bekatlari orqali bog‘laniladi. Yangi shaharga metroda 30−35 daqiqada yetib kelish imkoniyati yaratiladi… Avtomobilda kelishga ehtiyoj qolmaydi”, — deydi u prezidentga qilgan Yangi Toshkentning bosh rejasi loyihasi taqdimotidan so‘ng.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Chilonzor metro liniyasini TTZ massivigacha kengaytirish rejalashtirilgani haqida xabar berilgandi.

Kattalashtirish uchun rasm ustiga bosing.Kattalashtirish uchun rasm ustiga bosing.

Taqdimotdan olingan kadrlarga ko‘ra, yangi shaharda metroga bog‘lanadigan tramvay tarmog‘i ham bo‘ladi.

“Gazeta.uz” o‘tgan yilning noyabr oyida Alstom Toshkentda tramvay liniyalarini qurishi haqida yozgandi. O‘shanda 9,1 km uzunlikdagi liniyalarning narxi 167,4 million yevroga baholangan. Bitim Parijda O‘zbekiston prezidentining tashrifi doirasida imzolangan.

Transport vaziri Ilhom Mahkamov qurilish ishlari bilan Alstom shug‘ullanishini tasdiqlagan, biroq liniyalarning yo‘nalishlari hali aniq emasligini bildirgan. Toshkentni bo‘lajak “Yangi Toshkent” shahri bilan bog‘lovchi Yangi O‘zbekiston ko‘chasi istiqbolli yo‘nalishlardan biri bo‘lishi mumkinligi keltirilgan. Bunda, taxminlarga ko‘ra, liniya “Do‘stlik” metro bekatidan boshlab, Yangi O‘zbekiston ko‘chasi bo‘ylab o‘tadi.

Transport boshqarmasi boshlig‘i Anvar Jo‘rayevning so‘zlariga ko‘ra, ikkita — TTZ hamda “Ippodrom”dan Shimoliy vokzalgacha bo‘lgan yo‘nalish doirasida takliflar tayyorlangan.