9-sentabr kuni “O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi tashkil topganligining 80 yilligiga bag‘ishlangan yubiley tadbirlarini o‘tkazishning tashkiliy chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qarori [PQ-298-son] qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar qildi.

Qarorga ko‘ra, Fanlar akademiyasining yubiley tadbirlari 2023-yil 12−14-dekabr kunlari Toshkent shahrida o‘tkaziladi.

Shunga ko‘ra, “Ilm-fan — Yangi O‘zbekiston poydevori” mavzusida xalqaro konferensiya, Innovatsion ishlanmalar ko‘rgazmasi, Fanlar akademiyasining haqiqiy a’zoligiga (akademiklikka) tanlov va “O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining tarixi” ekspozitsiyasi tashkil etish ko‘zda tutilgan.

O‘zbekiston Fanlar akademiyasi 1943-yil 4-noyabrda tashkil topgan. 2022-yil holatiga ko‘ra, u 40 dan ortiq ilmiy bo‘limlarni, shu jumladan tashkiliy jihatdan uchta bo‘limga birlashtirilgan 36 tadqiqot institutini o‘z ichiga oladi: fizika, matematika va texnika fanlari; kimyoviy, biologik va geofanlar; ijtimoiy va gumanitar fanlar. Akademiyaning uchta hududiy filiali — Qoraqalpog‘iston va Navoiy filiallari, shuningdek, Xorazm Ma’mun akademiyasi mavjud.

2017-yil fevral oyida Fanlar akademiyasi prezident farmoni bilan avval oliy o‘quv yurtlariga o‘tkazilgan bir qator institutlarni qaytardi. Jumladan, Tarix instituti, Yadro fizikasi instituti, Mexanika va inshootlarning seysmik barqarorligi instituti, O‘zbek tili, adabiyoti va folklor instituti va boshqalar (ro‘yxat).

O‘sha yilning dekabr oyida prezident Fanlar akademiyasining 32 nafar yangi a’zosini tasdiqladi. Bungacha haqiqiy a’zolar saylovi 22 yil avval — 1995-yilda bo‘lib o‘tgan. Ma’lum qilinishicha, bu davrda akademiklar soni ikki barobardan ko‘proqqa — 63 nafarga qisqargan.

2018-yil aprel oyida Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston ilmiy jamoatchilik vakillari bilan uchrashib, ular ilm-fanni rivojlantirish bo‘yicha qator takliflar bildirgan, muammolar haqida so‘zlagan edi.

Yig‘ilishda prezident “chorak asr davomida akademiyaga e’tibor berilmagani”ni “katta xato” deb atadi. “Agar biz intensiv va progressiv rivojlanishga intilmasak, [boshqa mamlakatlarga] yetib ololmaymiz”, degandi u o‘shanda.