Brio Group (Oson brendi egasi) kompaniyasi Markaziy bank tomonidan qo‘llangan jarima sanksiyalari bo‘yicha barcha so‘rovlarni qaytarib olishi haqida “Gazeta.uz”ga xabar qildi. Bir kun avval transchegaraviy to‘lov xizmatlarini o‘chirib qo‘ygan to‘lov xizmati Markaziy bank tomonidan belgilangan jarimani to‘lamoqchi.

“5-sentabrdan beri Oson xorijiy pul operatsiyalarini amalga oshirmayapti”, — deyiladi kompaniya bayonotida.

Kompaniya “tartibga soluvchi organning qarori tranzaksiyalar xavfsizligini ta’minlaydi”, — deya qayd etdi va Oson`ga qo‘llangan jarima nima bilan bog‘liq ekaniga izoh bermadi.

“Biz foydalanuvchilarning to‘lovlari xavfsizligini ta’minlash maqsadlarida regulyator bilan birgamiz. Bu voqea kompaniyaga sezilarli zarba bo‘ldi. Hozir SEO sifatidagi asosiy vazifam — yuz nafardan ortiq xodimlarimni saqlab qolish, — deya izoh berdi Oson asoschisi va rahbari Farhod Mahmudov. Banklar bilan birgalikda hozir butun fintex dasturning funksionalini tiklash jarayonini boshladi, oxir-oqibatda millionlab foydalanuvchilar jabrlanmasligi uchun bizning oldimizda katta ish turibdi”.

Farhod Mahmudov, shuningdek, kompaniyaning yetti yillik faoliyati davomida ular “regulyatorga nisbatan doimo hisobdor va shaffof bo‘lib kelganini” ta’kidladi.

“Katta fintex hech qachon pul tranzaksiyalari uchun tahdid bo‘lmagan, biroq u keng qamrovli menejment va texnologiyani rivojlantirish uchun strategik irodani talab qiladi. Banklar bilan ishlash tizimi tarmoq uchun katta imtihon, texnik va hujjatlashtirish tomonlama murakkab jarayon. Biz bu borada o‘zaro hamkorlikka umid qilamiz va oxir-oqibatda bu o‘zgarishlarning barchasi bozor rivojlanishini to‘xtatib qo‘ymasligiga ishonamiz”, — dedi u.

Eslatib o‘tamiz, avgust oyi oxirida O‘zbekiston Markaziy banki Brio Group (Oson brendi) to‘lov tashkilotini jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlari talablarini buzgani uchun jarimaga tortgani ma’lum bo‘lgandi.

Kompaniya jarimaga izoh berib, O‘zbekistonning ellikdan ortiq moliya-texnologiyalari tashkilotlari Markaziy bankdan 5-sentabrdan boshlab davlatlararo transchegaraviy tranzit operatsiyalari taqiqlanishi to‘g‘risida xat olganini ma’lum qilgan. Bu xalqaro pul o‘tkazmalari bo‘yicha xizmat ko‘rsatish, o‘yin servislari va xorijiy kompaniyalar xizmatlari uchun to‘lovlar hamda bir qator boshqa operatsiyalarni amalga oshirish to‘xtatilishini anglatadi.

“5-sentabrdan biz va barcha to‘lov tashkilotlariga hamma xalqaro servislarni o‘chirish majburiyatini yuklashyapti. Jahon miqyosidagi yirik kompaniyalar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalarimiz bor. Bundan kelib chiqadiki, biz regulyator bozorni yopib qo‘yayotganiga asoslanib, barcha kelishuvlarni bir tomonlama bekor qilishimiz kerak”, — dedi Farhod Mahmudov.

Oson xalqaro pul o‘tkazmalari bo‘yicha yetakchilardan biri hisoblanadi. “Gazeta.uz” suhbatdoshi bergan ma’lumotlarga ko‘ra, ilovadan O‘zbekistonga pul o‘tkazish uchun Rossiyadagi ko‘plab mehnat migrantlari foydalanadi.