Prezident huzuridagi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi O‘zbekiston kapital bozorini tartibga soluvchi organga aylanadi. Bu davlat rahbarining 2-sentabrdagi qarorida ko‘zda tutilgan, deya xabar berdi Adliya vazirligi “Gazeta.uz”ga.

ILMA O‘zbekiston Iqtisodiyot va moliya vazirligining kapital bozorini tartibga solish, shu jumladan qimmatli qog‘ozlar savdosi tashkilotchilari va “Qimmatli qog‘ozlar markaziy depozitariysi” faoliyatini tartibga solish, korporativ boshqaruvni rivojlantirish, shuningdek, chsg‘srta tashkilotlari faoliyatini nazorat qilish bo‘yicha vazifalari, funksiya va vakolatlarini zimmasiga oladi. Agentlik ushbu sohalarda tartibga solish, litsenziyalash, ruxsat beruvchi tartib-taomillarini amalga oshirish bo‘yicha vakolatli organ tomonidan belgilanadi.

Shuningdek, “Fond bozorining axborot-resurs markazi” DUK va Korporativ axborot yagona portali ham agentlikka beg‘araz asosda berilmoqda.

Istiqbolli loyihalar milliy agentligi Iqtisodiyot va Moliya vazirligining kapital bozori sohasidagi shartnomalari bo‘yicha huquqiy voris hisoblanadi. Kapital bozori sohasida avval berilgan litsenziyalar va boshqa ruxsatnomalar o‘z kuchini saqlab qoladi, ushbu qarorning qabul qilinishi ularning bekor qilinishi yoki o‘zgartirilishiga olib kelmaydi.

2023-yil 1-oktabrdan Iqtisodiyot va Moliya vazirligi tomonidan ko‘rib chiqilayotgan kapital bozori sohasidagi hujjatlari (tegishli faoliyatni litsenziyalash, qimmatli qog‘ozlar chiqarilishini ro‘yxatga olish, murojaatlar va boshqa hujjatlar) agentlikka o‘tkaziladi. Agentlik ularning ko‘rib chiqilish natijalarini rasmiylashtiradi.

Fond birjasi faoliyatini hamda qimmatli qog‘ozlarning birjadan tashqari savdosi tashkilotchisi faoliyati, qimmatli qog‘ozlar bozorida kasbiy faoliyatni litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish, shuningdek, kapital bozori sohasida “Tartibga solish qumdoni” alohida huquqiy rejimini taqdim etish tartiblari ILMA tomonidan (hozirda — Markaziy bank) o‘rnatiladi.

Eslatib o‘tamiz, 2019−2021-yillarda mustaqil Kapital bozorini rivojlantirish agentligi bozorni tartibga soluvchi organ bo‘lgan, keyinroq u tugatilib, vazifalari Moliya vazirligiga (hozirgi Iqtisodiyot va moliya vazirligi) berilgan edi.

2022-yil aprel oyida Loyiha boshqaruvi milliy agentligi (LBMA) negizida Istiqbolli loyihalar milliy agentligi tashkil etildi. Uning asosiy vazifasi kriptoaktivlar muomalasi sohasidagi siyosatni ishlab chiqish va amalga oshirishdan iborat edi.

“Gazeta.uz” xuddi shu qarorga muvofiq, “Qimmatli qog‘ozlar markaziy depozitariysi” DUK “Qimmatli qog‘ozlar markaziy depozitariysi” AJga o‘zgartirilishi hamda uning ustav kapitalidagi davlat aksiyalari paketi Markaziy bankka o‘tkazilishi haqida yozgan edi.