Odilbek Rustamovich Isakov O‘zbekiston iqtisodiyot va moliya vazirining konsultant-maslahatchisi sifatida jalb qilindi, deya xabar bermoqda vazirlik matbuot xizmati. Bunga qadar u sobiq moliya vazirining o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan.

Isakov endilikda vazir Jamshid Kuchkarovga davlat qarzi, xalqaro reytinglar bilan ishlash hamda davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish bo‘yicha konsultantlik qiladi.

Ular avval Isakov 2019—2023-yillar oralig‘ida moliya vazirining o‘rinbosari bo‘lganida ham birgalikda ishlashgan.

Aynan uning qo‘l ostida O‘zbekiston o‘zining birinchi yevrobondlarini sotuvga chiqardi, xalqaro moliya tashkilotlari bilan faol ishlay boshladi, davlat qarzini boshqarish strategiyasini ishlab chiqdi, davlat qarzi hisobidan amalga oshirilayotgan loyihalar monitoringi boshlandi, alohida loyihalar uchun davlat kafolati ostida tashqi kreditlarni jalb qilishni to‘xtatdi, davlat qarzini jalb qilish chegaralarini belgiladi va boshqa ko‘p narsalarga erishdi.

2022-yilning dekabr oyi oxirida sodir bo‘lgan ma’muriy islohotdan so‘ng u o‘z lavozimini tark etdi va Londondagi Britaniyaning “Infrasia Capital” kompaniyasi bosh direktori sifatida ishlay boshladi.

Odilbek Isoqov 1981-yilda tug‘ilgan, ma’lumoti oliy, 1998−2000-yillarda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida tahsil olgan.

Buyuk Britaniyadagi Manchester metropolitan universitetining biznes iqtisodiyoti bo‘yicha bakalavri (BA in Business Economics), Stratklayd universitetining moliya bo‘yicha magistr (MSc in Finance) darajalariga hamda malakali moliyaviy tahlilchi (CFA — Chartered Finance Analyst) kvalifikatsiyasiga ega.

2016-yil mart oyidan hozirgacha HSBC investitsiya banki rivojlanayotgan mamlakatlar uchun jahon moliya bozorlarida qimmatli qog‘ozlar chiqarishni tashkil etish boshqarmasi direktori (London, Buyuk Britaniya) lavozimida ishlab kelgan.

Nufuzli “GlobalCapital” nashrining “Jahon moliya bozorlarida rivojlanayotgan mamlakatlar bilan ishlash bo‘yicha eng yaxshi bankir” unvoni uchun 3 karra nominatsiya sazovori bo‘lgan.