2023-yilning yetti oyi yakunlariga ko‘ra, Rossiya O‘zbekistonning asosiy savdo sherigi maqomini yo‘qota boshladi. Bu prezident huzuridagi Statistika agentligining “Gazeta.uz” tomonidan o‘rganib chiqilgan ma’lumotlarida aks etgan.

rossiya, savdo, tashqi savdo aylanmasi, xitoy

Yanvar-iyul oylarida Rossiya bilan tovar ayirboshlash hajmi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 8,4 foizga o‘sdi — 4,86 mlrd dollardan 5,27 mlrd dollargacha (ammo o‘tgan yilning shu davrida 30,9 foizlik o‘sish kuzatilgandi). Rossiyaga eksport hajmi 5,3 foizga — 1,64 mlrd dollargacha o‘sdi (2022-yilning shu davrida o‘sish 51,3 foizni tashkil etgandi), import esa 9,8 foizga (22,5 foiz) — 3,6 mlrd dollargacha o‘sdi.

Yil davomida Rossiyaning O‘zbekiston tashqi savdo aylanmasidagi ulushi 17,1 foizdan 15,1 foizgacha kamaydi. 2022-yil yakuniga ko‘ra bu ulush 18,6 foizni tashkil etgandi (1-o‘rin). Shunga qaramay, Rossiya bozori O‘zbekiston uchun asosiy eksport yo‘nalishi bo‘lib qolmoqda.

Xitoy savdo aylanmasini 30,5 foizga keskin oshirib, birinchi o‘rinda qoldi. O‘zbekistonning bu mamlakat bilan tovar aylanmasi 6,9 mlrd dollarga yetdi. Shu bilan birga, Xitoyga eksport 1,6 foizga qisqarib, 1,53 mlrd dollarni tashkil etdi (2022-yilning bu davrida o‘sish 19,1 foizni tashkil etgandi va bu asosan gaz eksporti hisobiga kuzatilgan), import birdaniga 43,9 foizga o‘sgan.

Xitoyning savdodagi ulushi 18,6 foizdan 19,7 foizgacha oshdi. O‘tgan yil oxirida bu ko‘rsatkich 17,8 foizni tashkil etgandi.

Qozog‘iston bilan savdo sekinlashishda davom etmoqda va yanvar-iyul oylarida o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 0,5 foizga kamayib, 2,49 mlrd dollarni tashkil qildi. Eksport 807,7 mln dollarga (+7 foiz) oshdi, import 1,68 mlrd dollarga (-3,7 foiz) kamaydi.

Turkiya bilan savdo aylanmasi ham 9,4 foizga kamaydi va 1,86 mlrd dollarni tashkil etdi. O‘zbekiston tovarlari va xizmatlarini yetkazib berish darhol 23,2 foizga qisqardi, bu liraning qadrsizlanishi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Ayni vaqtda Turkiya eksporti 1,02 mlrd dollarga (+6,1 foiz) oshgan.

O‘zbekiston va Koreya Respublikasi o‘rtasidagi tovar aylanmasi O‘zbekiston bozoriga Koreya eksportining qisqarishi tufayli 11,9 foizga — 1,27 mlrd dollargacha kamaydi.

Qirg‘iziston bilan savdo aylanmasi ham 5,6 foizga qisqarib, 623,2 mln dollarni tashkil qildi. O‘zbekistondan eksport 463,7 mln dollarga (-12,4 foiz) qisqardi, Qirg‘iziston tovarlari va xizmatlari yetkazib berish esa 159,5 mln dollarga (+21,5 foiz) oshdi.

Birinchi yarimyillik yakunlariga ko‘ra, Germaniya bilan tovar ayirboshlash hajmi 928,8 mln dollarni tashkil etgandi, lekin Statistika agentligi iyul oyida import qilingan samolyotlar bo‘yicha 274,2 million dollarlik tuzatish kiritish hisobiga bu ko‘rsatkichni 608,9 mln dollargacha (o‘tgan yilning shu davriga nisbatan -5 foiz) kamaytirdi. Ya’ni bir nechta samolyot boshqa davlatlarga tranzit qilish uchun sotib olingan. Aynan qaysi davlatga ekani haqida ma’lumot berilmagan.

Eslatib o‘tamiz, yanvar oyida O‘zbekiston Germaniyadan 421,7 million dollarga oltita samolyot sotib olgandi (bir samolyot narxi o‘rtacha 70,3 mln dollarni tashkil etgandi). Bundan kelib chiqilsa, O‘zbekiston 3−4 ta samolyotni boshqa davlatga jo‘natgan bo‘lishi mumkin.

Fransiya bilan savdo aylanmasi qariyb uch baravarga oshib, 183,4 mln dollardan 517,6 mln dollarga yetdi. “Gazeta.uz"dagi ma’lumotlarga ko‘ra, bu uran yetkazib berishning ko‘payishi tufayli sodir bo‘lgan. O‘zbekiston eksportni 239,5 mln dollarga (3,5 baravar), importni esa 278,1 mln dollarga (2,4 baravar) oshirdi. O‘zbekiston Fransiyadan jami 815,3 mln yevroga 17 ta samolyot va 2 ta vertolyot sotib olishni rejalashtirayotganini hisobga olsak, bu ko‘rsatkich yanada oshishi kutilmoqda.

Afg‘oniston (+11,4 foiz), Braziliya (+47,9 foiz), Tojikiston (+20,8 foiz), Litva (+41 foiz), BAA (+52,8 foiz), Belarus (+37,3 foiz), AQSh (+19,5 foiz), Eron (+6,6 foiz), Italiya (+17 foiz) va Latviya (+66,4 foiz) bilan ham tovar aylanmasi oshdi. Ukraina O‘zbekistonning yetakchi savdo hamkorlari 20 ligidan tushib qoldi va uning o‘rnini Latviya egalladi.

MDH davlatlari bilan savdo aloqalari zaiflasha boshladi. Hamdo‘stlik davlatlarining tovar ayirboshlashdagi ulushi 32,2 foizga (37 foizdan) kamaydi, boshqa davlatlarning ulushi 67,8 foizgacha oshdi. MDH mamlakatlaridagi eksport bozorlariga bog‘liqlik 35,4 foizdan 30,3 foizgacha, ta’minotga bog‘liqlik esa 38,1 foizdan 33,5 foizgacha kamaydi. YeOII davlatlarining savdodagi ulushi 29,2 foizdan 25 foizgacha, eksportda 25,6 foizdan 20,1 foizgacha, importda 31,7 foizdan 28,7 foizgacha kamaydi.

Rossiya O‘zbekiston uchun meva-sabzavot mahsulotlarining asosiy eksport bozori bo‘lib qolmoqda — 281,5 mln dollar (41,8 foiz ulush). Pokiston 98,4 mln dollar (14,6 foiz) bilan ikkinchi o‘ringa ko‘tarildi. Qozog‘istonga o‘zbek sabzavot va mevalarini yetkazib berish hajmi 124,5 mln dollardan 80,7 mln dollargacha tushib ketdi, buning ortidan mamlakat 12 foizlik ulush bilan uchinchi o‘ringa tushib ketdi.

Yil boshidan buyon O‘zbekistonga sanoat tovarlari importi 6,2 foizga o‘sib, 3,39 mlrd dollarni tashkil etdi. Yetkazib berishning asosiy qismi Rossiya (shunga qaramay uning ulushi 42,3 foizdan 35,6 foizgacha kamaydi), Xitoy (ulushi 22,2 foizdan 28 foizgacha ko‘paydi) va Qozog‘iston (11,2 foiz) hissasiga to‘g‘ri keladi.

“Gazeta.uz” avvalroq O‘zbekiston 2023-yilning yanvar-iyul oylarida nimalar bilan savdo qilgani haqida ma’lumot bergandi.