O‘zbekistonda o‘qituvchilarni ishga qabul qilish, ularning malakasini oshirish va toifa berish tizimi “to‘liq o‘zgaradi”. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev 28-avgust kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, har yili maktablarda 8 ming o‘qituvchi ishga qabul qilinadi, yangi maktablar hisobiga yana shuncha o‘qituvchiga ehtiyoj paydo bo‘ladi.

Prezidentning maydagi qaroriga asosan 2024-yil 1-yanvardan maktabga birinchi marta ishga qabul qilinayotgan o‘qituvchilarni kasbiy sertifikatlash tizimi joriy etilishi ko‘zda tutilgan. Davlat rahbari Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga yangi tizimni birinchi navbatda o‘qituvchilarning bilim darajasi past bo‘lgan 20 ta tumanda sinovdan o‘tkazish bo‘yicha topshiriq berdi.

Bundan buyon o‘qituvchilikka qabul qilish tanlov asosida bo‘ladi. Ilk bor qabul qilingan nomzodlar 1 yil o‘qituvchi-stajyor bo‘lib ishlaydi va yil yakunida kasbiy sertifikat olishi lozim bo‘ladi. Kelgusida bu tizim barcha o‘qituvchilar uchun bosqichma-bosqich joriy qilinadi.

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligiga Singapur va BAA tajribasi asosida pedagog kadrlarga kasbiy sertifikat berish tartibini ishlab chiqish topshirildi.

o‘qituvchilar, шавкат мирзиёев

Yig‘ilishda ta’kidlanishicha, o‘qituvchilarning malakasi tabaqalashgan holda oshiriladi, ya’ni malaka oshirishdan oldin o‘qituvchining bilimi diagnostikadan o‘tkaziladi va natijasiga ko‘ra individual kasbiy rivojlanish yo‘nalishlari belgilanadi.

Bunda muallimning bilim ko‘rsatkichlari baholanadi va past natija olganlari bo‘yicha o‘zi o‘qigan oliygohga reklamatsiya (e’tiroz) yuboriladi.

Bu natijalar pedagogik oliygohlar faoliyatiga uchun ham baho bo‘ladi. Past natija ko‘rsatgan o‘qituvchilar an’anaviy usulda, yuqori natijaga erishganlari onlayn shaklda malaka oshiradi.

Shavkat Mirziyoyev viloyat hokimlariga 14 ta malaka oshirish markazini ta’mirlash va jihozlash bo‘yicha dastur qabul qilib, amaliy ishlarni boshlashni topshirdi. Yil yakunigacha hududiy markazlar boshqaruviga xorijiy mutaxassislar olib kelinadi.

Shuningdek, yig‘ilishda o‘qituvchilarga malaka toifasini berish ikki bosqichda — dastlab pedagogning bilimi, so‘ngra metodikasini tekshirish orqali amalga oshirilishi aytildi. Oliy ta’lim vazirligida pedagogik ta’limga mas’ul vazirning birinchi o‘rinbosari lavozimi joriy etiladi.

Toshkent va Chirchiqdagi pedagogika universitetlarida o‘qituvchilar Prezident maktabi dasturi asosida tayyorlanadi. Bu oliygohlar pedagogika yo‘nalishidagi institutlar uchun “tayanch oliygoh” bo‘ladi.

Bundan tashqari, videoselektorda 6 mln so‘mdan 10 mln so‘mgacha maosh oladigan o‘qituvchilar soni 23 mingga yetgani, 10 mln so‘mdan yuqori oylik olayotganlar soni esa ming nafardan oshganini ma’lum qilindi.