25-avgust kuni Qarshida o‘tkazilgan press-tur davomida “O‘zbekneftgaz” kompaniyasi boshqaruvi raisi Bahodirjon Sidiqov Afg‘oniston O‘zbekistonning 67 vagon neft mahsulotini qaytargani haqidagi xabarlarga izoh berdi.

Uning aytishicha, qaytarilgan dizel yonilg‘isi (u GTL yoqilg‘isi deb ataladi) O‘zbekistondagi yoqilg‘i quyish shoxobchalariga o‘tkazilgani haqidagi xabarlar yolg‘on.

““Zapravka”larda sifatsiz benzin sotyapti, deyishyapti. Bu noto‘g‘ri ma’lumot. Biz Afg‘onistondan qaytgan mahsulotni hech qayerga olib borganimiz yo‘q. U konteynerda turibdi, boshqa joyga olib borib sotiladi. Balki ichki bozorda sotishar”, — dedi Bahodirjon Sidiqov.

“O‘zbekneftgaz” rahbarining ta’kidlashicha, bu Uzbekistan GTL zavodida ishlab chiqariladigan dizel yonilg‘isi.

“Bu — yangi mahsulot. Uning standarti Afg‘onistonda yo‘q. Shuning uchun ular buni tushunmadi”, — dedi u va jurnalistlarga suvga o‘xshash shaffof suyuqlikni ko‘rsatdi.

gtl dizel, баҳодиржон сидиқов, dizel yoqilg‘isi, ўзбекнефтgaz

Bahodirjon Sidiqov yoqilg‘ining qaytarilishiga “O‘zbekistonning Afg‘oniston bozoriga kirib borishini istamaganlar” sabab bo‘lganini aytdi va mahsulot Yevropa bozoriga eksport qilinayotganini ta’kidladi.

“Biz shu mahsulotni yetkazib berdik. U oddiy dizel yonilg‘isidan ancha farq qiladi, ancha sifatli mahsulot. Bu yangilik Afg‘oniston bozoriga kirib borishi kerak edi. Afsuski, birinchi partiyani qaytarib yuborishdi. Lekin bu jarayon, har bitta bozorga kirib borish oson bo‘lmaydi. Ishonchim komilki, nafaqat Afg‘oniston hukumati, balki o‘sha bozorga biz kirib borishimizni xohlamayotgan odamlar ham juda ko‘p. Chunki Afg‘oniston bozori yaxshi bozor”, — dedi u.

Ushbu mahsulotning yaxshi ekanining isboti sifatida o‘tgan oy Estoniyaga 1000 tonna sotilganini, yana 10 ming tonnaga buyurtma olinganini ma’lum qildi.

“Bundan tashqari, hukumatlararo kelishuvlar bor. Mana prezidentimiz [boshqa mamlakatlarga] borib kelyaptilar, uchrashuvlar qildilar. Biz mahsulotlarimizni „o‘rta koridor“, ya’ni „Kaspiy koridor“ orqali Yevropaga yetkazish yo‘llarini qidirayotgan paytimizda, Ozarbayjon va Gruziyadan o‘tganimizda gruzinlar bu zo‘r mahsulot ekanligini aytishdi. 33 ming tonna so‘rab, „mana shartnoma, mana pul“ deyishdi”, — dedi “O‘zbekneftgaz” rahbari.

O‘tgan yili kompaniya yoqilg‘idan Tojikistonga 12 ming tonna eksport qilgan bo‘lsa, hozirda yana 5 ming tonna jo‘natmoqda.

“Bu mahsulot sifatiga hech kimda shubha bo‘lmasligi kerak. Mahsulot sifati yomon bo‘lganidan [Afg‘oniston tomonidan] qaytarilmagan. Men buning kafolatini beraman. U Yevro-6 standartlariga javob beradi. OAVda aylantirilayotgan xabarlarga ishonmaslikni so‘rayman. Isboti sifatida Yevropa davlatlariga eksport qilmoqchiligimizni aytdim”, — dedi Sidiqov.

Avgust oyi boshida Afg‘oniston standart agentligi (ANSA) O‘zbekistondan import qilingan 67 ta vagon neftni sifatsiz deb qaytarganini ma’lum qilgandi. “O‘zbekneftgaz” 24−26-iyun kunlari xaridor talabnomasiga asosan Uzbekistan GTL tomonidan jami 3,4 ming tonna mahsulotni Qashqadaryo viloyati G‘uzor tumanidagi “Kengsoy” stansiyasidan eksport qilish uchun xaridorga topshirgan. Kompaniya hozircha Afg‘onistonda bu standart joriy qilinmagani va xaridor mahsulotni qaysi davlatga olib borib, qanday usulda sotishini o‘zi belgilashini qayd etgan.

Qashqadaryo viloyatidagi zavod prezident ishtirokida 2021-yil oxirida ishga tushirilgandi. Uning qiymati 3,42 mlrd dollarni tashkil etadi. Har yili qiymati 1 mlrd dollardan ortiq import o‘rnini bosuvchi neft mahsulotlari va uglevodorodlar ishlab chiqarish rejalashtirilgandi, biroq zavod bu ko‘rsatkichlarga erishmagan.

Oradan bir yarim yil o‘tib, 2023-yilning may oyida O‘zbekiston hukumati va Air Products o‘rtasida Uzbekistan GTL zavodi tarkibida sanoat gazini qayta ishlash zavodini rivojlantirish bo‘yicha 1 mlrd dollarlik sarmoyaviy bitim imzolandi. Shartnomaga ko‘ra, investor GTL kompleksining bir qismi sifatida ikkita havo ajratish moslamasi, ikkita avtotermik reformator va vodorod ishlab chiqarish blokiga egalik qilib, boshqaradi hamda “O‘zbekneftgaz” bilan uzoq muddatli olish yoki to‘lash shartnomasi bo‘yicha kislorod, azot, vodorod va sintetik gaz yetkazib beradi. “O‘zbekneftgaz” xomashyo, tabiiy gaz va kommunal xizmatlarni qoplaydi, shuningdek, barcha mahsulotlarni sotadi.