Toshkent shahrining odamlarni har kuni o‘z hayotini xavf ostiga qo‘yishga majbur qiladigan, xavfli va o‘ylanmagan ko‘chalarida 16-avgust kuni ikkita yo‘l-transport hodisasi ro‘y berdi va ularda ikki nafar piyoda halok bo‘ldi.

Oliy Majlis oldidagi xavfli o‘tish joyi

Birinchi hodisa soat 16:00 atrofida Qonunchilik palatasi binosi yonidagi Bunyodkor shohko‘chasidagi tartibga solinmagan piyodalar o‘tish joyida sodir bo‘lgan. Bu piyodalar o‘tish joyi iyul oyida sodir bo‘lgan navbatdagi baxtsiz hodisadan keyin shunchaki yo‘q qilingandi.

O‘shanda shahar IIBB Yo‘l harakati xavsizligi boshqarmasi o‘tish joyi 250 metr nariga — tunnel ustidagi qayrilish joyiga ko‘chirilganini ma’lum qilgandi. Bu o‘tish joyi ham tartibga solinmagandi, ya’ni xuddi avvalgisidek xavfli bo‘lib qoldi.

“Gazeta.uz”ga poytaxt ichki ishlar bosh boshqarmasi matbuot xizmati bergan xabarga ko‘ra, bu yerda 2001-yilda tug‘ilgan Nexia-2 haydovchisi 1973-yilda tug‘ilgan erkakni urib yuborgan va erkak olgan jarohatlari tufayli shifoxonada vafot etgan. Boshqarma ma’lumotlariga ko‘ra, piyoda go‘yoki yo‘lni belgilanmagan joydan kesib o‘tgan. Voqea guvohlarining “Effekt Makarenko” Telegram kanaliga bergan xabari bo‘yicha esa to‘qnashuv avvalgi o‘tish joyida sodir bo‘lgan.

Sobiq Oqtepa aylanma yo‘li

O‘sha kuni Toshkentning xavfli ko‘chalarining ikkinchi qurboni keksa ayol (1954-yilda tug‘ilgan) bo‘ldi. Uni soat 17:30 atrofida Lacetti avtomobili piyodalar uchun faqat yerusti o‘tish yo‘lagi bilan ta’minlangan, keksalar, harakati cheklangan piyodalar va aravacha bilan harakatlanayotgan ota-onalar uchun noqulay bo‘lgan sobiq Oqtepa aylanma yo‘lida yo‘lni kesib o‘tayotgan vaqtida urib ketgan.

“Gazeta.uz” yerusti va yerosti piyodalar o‘tish joylari xavflari haqida yozgandi. Bunday o‘tish joylari nafaqat statistik ma’lumotlarga ko‘ra aholining uchdan bir qismini tashkil etadigan harakati cheklangan odamlar uchun noqulay, balki yosh va sog‘lom piyodalar vaqt va kuchni tejash uchun yo‘lni “noto‘g‘ri joylardan” kesib o‘tishadi — zinadan yuqoriga ko‘tarilish va pastga tushish yo‘lni sezilarli darajada uzaytiradi. Qoida o‘laroq, to‘siqlar odamlarni to‘xtatmaydi.

Oqibatda ko‘p sonli odamlar hayotlarini xavf ostiga qo‘yib, ko‘chani yerdan kesib o‘tishda davom etmoqda.

Rossiyalik urbanist Arkadiy Gershman Oqtepa chorrahasini “transport va shaharsozlik tamoyillari buzilishining tipik namunasi” deb atagandi.

“Undan sog‘lom odamlar o‘tishi juda qiyin, pensionerlar yoki nogironlar uchun esa bu deyarli imkonsiz — bir tomon ikkinchi tomondan uzilib qolgan”, — deya ta’kidlagan shaharshunos avvalroq “Gazeta.uz” uchun yozgan maqolasida.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi (transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish, o‘sha qilmish odam o‘lishiga sabab bo‘lishi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.