2023-yilning yanvar-iyul oylarida O‘zbekiston tashqi savdo aylanmasi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 6,6 mlrd dollarga yoki 23,3 foizga o‘sib, 34,97 mlrd dollarni tashkil etdi. Prezident huzuridagi Statistika agentligining hisobotida bu haqda so‘z boradi.

Eksport

Eksport 31 foizga o‘sib, 14,95 mlrd dollarni, import esa 20,02 mlrd dollarni (+18,1 foiz) tashkil etdi. Tashqi savdo taqchilligi -5,07 mlrd dollardan oshdi, bu o‘tgan yilgi ko‘rsatkichdan (5,54 mlrd dollar) kamdir. Tafovut faqat oltin eksportining keskin o‘sishi tufayli qisqardi.

Xususan, yetti oy davomida O‘zbekiston 5,64 mlrd dollarlik yoki 2022-yilning yanvar-iyul oylariga nisbatan (2,97 mlrd dollar) 2,1 barobar va butun 2022-yilga nisbatan (4,11 mlrd dollar) ko‘proq oltin sotdi. Mamlakat umumiy eksportining 37,7 foizi ushu qimmatbaho metall hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Birgina iyul oyida 1,26 mlrd dollarlik oltin sotilgan (oltin-valyuta zahiralari kamaygan bo‘lsa-da), iyun oyida esa sotuvlar bo‘lmagan.

Eksportda sanoat mahsulotlari ulushi 23,6 foizdan 16,3 foizga, yetkazib berish qiymati 2,7 mlrd dollardan 2,4 mlrd dollargacha qisqardi.

Oltinni hisobga olmaganda, eksport atigi 10,4 foizga o‘sib, 9,3 mlrd dollarni tashkil etdi.

Sabzavot va mevalar sotish hajmi 688,4 mln dollarga (+26,1 foiz), don mahsulotlari — 281,3 mln dollarga (+70 foiz), neft va neft mahsulotlari — 142,7 mln dollarga (+73,1 foiz), avtomobil ehtiyot qismlari va aksessuarlari — 203,7 mln dollarga (+32,4 foiz), kanselyariya mashinalari va ma’lumotlarni avtomat qayta ishlash uskunalari — 20,3 mln dollar (19,6 marta), telekommunikatsiya, ovoz yozish uskunalari — 65,8 mln dollarga (3,9 marta) oshdi.

Shu bilan birga, to‘qimachilik mahsulotlari yetkazib berish 3,9 foizga qisqarib, 1,86 mlrd dollarga, gaz 341,9 mln dollarga (-35 foiz), elektr energiyasi 47,2 mln dollarga (-22,4 foiz), o‘g‘itlar yetkazib berish 154,3 mln dollarga (-44,1 foiz), rangli metallar — 809,6 mln dollargacha (-13,4%) qisqardi.

Turizm eksporti hajmi 1,24 mlrd dollarni (xizmatlar hajmida 42,1 foiz) tashkil etdi. Taqqoslash uchun, o‘tgan yilning yanvar-iyul oylarida bu ko‘rsatkich 732,5 mln dollarni, 2021-yilning shu davrida esa 175,9 mln dollarni tashkil qilgan. Ya’ni, ikki yil ichida turizmdan tushgan daromad 7 barobar oshdi.

Import

Importga kelsak, oziq-ovqat mahsulotlari: don va undan tayyorlangan mahsulotlar — 669,6 mln dollar (+16,1%), shakar, shakardan tayyorlangan mahsulotlar va asal — 326,1 mln dollar (+13,3%), qahva, choy, kakao, ziravorlar — 198,5 mln dollar (+26,5 foiz), o‘simlik moylari va yog‘lar — 197,2 mln dollar (+89 foiz), sabzavot va mevalar — 195,4 mln dollar (+ 18 foiz), go‘sht va go‘sht mahsulotlari — 171,1 mln dollar (+8,1 foiz), sut mahsulotlari va tuxum — 121,8 mln dollar (+39,7%) importi yuqori darajada qolmoqda.

Neft va neft mahsulotlari importi ham o‘sdi — 1 mlrd dollar (+59,6%), ko‘mir, koks va briketlar — 98 mln dollar (+56,6%). Gaz yetkazib berish hajmi 201 mln dollar darajasida qolmoqda, iyul oyida 1 mln dollarga gaz import qilingan, iyunda — 48,8 mln dollar. Mart oyida O‘zbekiston 151,2 mln dollarlik gaz import qildi.

Avtomobillar importi 832,8 mln dollarga (+80,7 foiz), ehtiyot qismlar — 801,8 mln dollarga (+8,6 foiz), samolyotlar va boshqa uchuvchi apparatlar importi 482,1 mln dollarga (2,2 barobar) o‘sdi.

O‘tgan yillarda barqaror o‘sish kuzatilgan bo‘lsa-da, tibbiyot va farmatsevtika mahsulotlari yetkazib berish hajmi 840,1 mln dollarga (-7,4 foiz) qisqargani e’tiborga molik. Bu dori-darmon vositalarining markirovkalash joriy etilishi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. “Gazeta.uz” o‘quvchilari xorijdan olib kelingan, avvallari muammosiz sotib olgan dori vositalarini topishda qiyinchiliklarga duch kelayotgani haqida xabar bermoqda. Qolaversa, ularning narxi ham keskin oshib ketdi.