“O‘zbekneftgaz” 2023-yil uchun tabiiy gaz qazib olish prognozini 34,1 milliard kub metrdan 32,3 milliard kub metrga pasaytirdi. Bu haqda “Gazeta.uz”ga boshqaruv raisining transformatsiyalar bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Behzod Usmanov ma’lum qildi.

“[Qazib olish prognozi] biroz kamroq. Taxminan 1,8 milliard kubometr. Bu [konlardagi zaxiralarning] qisqarishi bo‘yicha qilgan prognozlarimiz o‘zini oqlamagani sababli sodir bo‘ldi. Ular jadal sur’atda qisqarib bormoqda. Biz [ishlab chiqarishni ko‘paytirish bo‘yicha] ko‘rayotgan chora-tadbirlar ishlab chiqarish darajasini 34,1 milliard kubometrda ushlab turish uchun yetarli emas”, — dedi Behzod Usmanov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, qidiruv ishlarini olib borish va yangi konlarni ochish uchun ko‘proq sarmoya kerak.

Behzod Usmanov 2026-yilgacha gaz qazib olish bo‘yicha prognozni 2022-yilning noyabrida Toshkent iqtisodiy forumida e’lon qilgandi. O‘shanda u 2023-yilda 34,1 milliard kub metr gaz qazib olish, jumladan, geologiya-qidiruv ishlari hisobidan 1,8 milliard kub metr gaz qazib olish rejalashtirilganini aytgandi. Ammo fevral oyida prognoz 32,8 milliard, hozir esa 32,3 milliard kub metrgacha qisqardi.

”gaz,

Grafikka ko‘ra, hozirgi konlarda tabiiy qazib olish pasayishda davom etadi, chunki 2024-yilda qazib olishni 34,1 milliard kub metr darajasida ushlab turish uchun 4,6 milliard kub metr gazni qidiruv ishlari orqali qoplash kerak, bu raqamlar 2025-yilda — 7,1 milliard kub metr, 2026-yilda — 9,6 milliard kub metrni tashkil etishi ko‘rsatilgan.

Bugungi kunga qadar barcha neft va gaz konlarining qariyb 50 foizi (290 tadan 118 tasi) “O‘zbekneftgaz”ga tegishli. Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili ishlab chiqarish 51,66 milliard kub metrni tashkil qilgan, bu 2021-yilga (53,8 milliard) nisbatan 4 foizga yoki 2,1 milliard kub metrga kamdir. “O‘zbekneftgaz” 32,2 milliard kub metr (prognoz 34 milliard kubometr) yoki ishlab chiqarishning 62,3 foizini tashkil etib, kompaniyani O‘zbekistondagi eng yirik gaz ishlab chiqaruvchisiga aylantirgan.

Bundan tashqari, O‘zbekistonda birinchi yarim yillikda gaz qazib olish o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 9,6 foizga yoki 2,51 milliard kub metrga kamayib, 23,56 milliard kub metrni tashkil etgan.

O‘zbekistonda gaz qazib olish keskin pasayganini izohlar ekan, energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov avvalroq joriy yilning ikkinchi yarmidan boshlab dinamika ijobiy tomonga o‘zgarishini aytgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, gaz qazib olishning kamayishi asosan “O‘zbekneftgaz” hisobiga bo‘lgan, chunki “kompaniya konlarining 75−80 foizi o‘zlashtirilgan”.