Shavkat Mirziyoyev 18-avgust kuni tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti davomida Afg‘oniston orqali o‘tadigan temiryo‘lning ahamiyatiga to‘xtalib o‘tdi va uni “O‘zbekiston uchun eng ma’qul yo‘l” deb atadi. Bu haqda “Gazeta.uz” muxbiri xabar bermoqda.

Davlat rahbari o‘z nutqida tadbirkorlarni eng ko‘p qiynaydigan muammo yo‘l xarajatlari ekanini bildirdi.

“Avvalambor, [hozirda mavjud yo‘llar] qimmat, uzoq va xavfsiz emas, desak, to‘g‘ri bo‘ladi… Agar 30 yil oldin, 30 yil orasida Qirg‘iziston-O‘zbekiston-Xitoy temiryo‘li qurilganida edi, hozir sizlarning sharoitingiz, tannarxlar mutlaqo boshqacha bo‘lardi”, — dedi prezident.

Shavkat Mirziyoyev, shuningdek, yaxshi qo‘shnichilik o‘rnatish borasida ham gapirdi.

“Bu lavomizga birinchi qadam qo‘yganimdan qo‘shnilarimiz bilan do‘st, birodar bo‘lamiz deganman. Darvoza qo‘shnimiz orqali-ku. Qo‘shnilarimiz bilan yaxshi bo‘lmasak bo‘lmaydi. Chegaralarimizda mina turardi bir paytlar. Hozir hammasini joy-joyiga qo‘ydik”, — dedi u va kelgusida ham yangi yo‘llarni izlash kerakligini qayd etdi.

“Afg‘oniston orqali o‘tadigan temiryo‘limiz — Janubiy Osiyoga chiqadigan eng ma’qul, eng arzon, eng xavfsiz yo‘l. Tasavvur qiling, Xudo xohlasa shu kunlar baribir keladi, ikkita temiryo‘l qurilsa, iqtisodiyotimiz qanday barqaror bo‘ladi. Biz birovga qaram bo‘lmaymiz. Agar mana shu ikkita katta temiryo‘l bo‘lsa, biz ham tarif orqali manfaat ko‘radigan davlatga aylanamiz”, — deya ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident, shuningdek, hozirgi vaziyat yengil emasligini qo‘shimcha qildi.

Agar rostini aytsam, og‘ir sharoitda yashayapmiz. Oy oyga emas, kun kunga to‘g‘ri kelmayapti. Kechagi valyutaga bo‘lgan bosim bugun og‘irroq bo‘lyapti. Shuning uchun biz, albatta, tadbirkorlar sinfi, ishbilarmonlarga eksport qilish, logistika bo‘yicha sharoitlar yaratishimiz kerak”, — dedi davlat rahbari.

Eslatib o‘tamiz, 2023 yining iyul oyi o‘rtalarida “Termiz — Mozori Sharif — Kobul — Peshovar” transafg‘on temiryo‘l liniyasini qurish bo‘yicha muzokaralarning yakuniy bosqichini boshlangandi. Loyiha qiymati 4,6 mlrd dollardan 8,2 mlrd dollargacha baholanmoqda va 2027-yilgacha yakunlanishi rejalashtirilgan. Afg‘oniston tomoni O‘zbekiston ishlarni bahorda boshlashini ma’lum qilgan.

2021-yil fevral oyida Toshkentda O‘zbekiston, Afg‘oniston va Pokiston o‘rtasida “Mozori Sharif-Kobul-Peshovar” temiryo‘li qurilishi bo‘yicha yo‘l xaritasi imzolangandi. Loyihani may oyida tayyorlash, yo‘l qurilishi esa 2021-yil sentabrida boshlanishi rejalashtirilgandi. Ammo Afg‘onistonda hokimiyat almashishi loyihani sekinlashtirgan.

Biroq dekabr oyida Afg‘oniston muvaqqat hukumati loyihaga qo‘shildi. 2022-yil 18-iyulda ushbu mamlakat hududida Transafg‘on temiryo‘lining yo‘nalishini va loyihaning texnik-iqtisodiy asoslarini aniqlash bo‘yicha ekspeditsiya ishlari boshlangan.

O‘zbekiston “Boshtransloyiha” instituti yo‘l qurilishi qiymatini 4,6 milliard dollarga, Pokiston 8,2 milliard dollarga baholagan. OAV xabarlariga ko‘ra, loyiha 4,8 milliard dollardan 6 milliard dollargacha baholangan. U 573 km uzunlikdagi va yiliga 20 million tonnagacha yuk tashish imkoniyatiga ega bo‘lgan avtomobil yo‘lini qurishni nazarda tutadi. Yangi transport yo‘lagi Yevropa Ittifoqi, Rossiya, O‘zbekiston, Afg‘oniston, Pokiston, Hindiston va undan keyingi Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlarini bog‘lashi kerak.

Shu bilan birga, liniya ham yuk, ham yo‘lovchi tashishni qo‘llab-quvvatlaydi.

Dawn nashrining o‘zbek tomoniga tayanib xabar berishicha, temiryo‘l O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi yuklarni yetkazib berish muddatini taxminan besh kunga qisqartiradi. Tovarlarni tashish narxi ham kamida 40 foizga arzonlashadi. Loyiha 2027-yil oxirigacha yakunlanishi, 2030-yilga borib esa poyezdlar yiliga 15 million tonnagacha yuk tashish imkoniyatiga ega bo‘lishi taxmin qilinmoqda.

Pokiston bu temiryo‘l qurilishi Markaziy Osiyoni Pokistonning 230 million aholisiga yaqinlashtirib, Arab dengizi bo‘yidagi davlatlar bilan savdo-sotiq uchun imkoniyatlar ochishiga umid qilmoqda.

O‘TY ma’lumotlariga ko‘ra, har uchala davlat ham “o‘zaro manfaatli hamkorlikka yuqori qiziqish va tayyorlik ko‘rsatmoqda”.