CNN telekanali va The New York Times gazetasi xabarlariga ko‘ra, Jorjiya shtatidagi Katta hakamlar hay’ati AQShning sobiq prezidenti Donald Trampni 2020-yilgi prezidentlik saylovlari natijalarini bekor qilishga urinishda aybladi.

Ma’lumot uchun: AQShda 2020-yilgi prezidentlik saylovlari natijalariga ko‘ra, amaldagi davlat rahbari Jo Bayden 306 saylovchi ovozi bilan g‘alaba qozongan. Donald Tramp 232 ta ovoz olgan. O‘shanda Tramp mag‘lubiyatini tan olmagan va ovoz berish natijalari soxtalashtirilganini da’vo qilgandi.

Trampdan tashqari yana 18 kishi ayblanmoqda. Ular orasida sobiq prezidentning advokati Rudi Juliani va Oq uy administratsiyasining sobiq rahbari Mark Medouz va Adliya vazirligining sobiq xodimi Jeffri Klark bor.

“Tramp va boshqa ayblanuvchilar Tramp [2020-yilgi prezidentlik saylovida] mag‘lub bo‘lganini tan olishdan bosh tortgan va bila turib, saylov natijalarini noqonuniy ravishda Tramp foydasiga o‘zgartirish uchun bu ishga qo‘shilgan”, — deyiladi ayblov xulosasida.

Trampga 13 ta punkt, jumladan, jinoiy tashkilotlar to‘g‘risidagi qonunni (RICO Act) buzganlik, soxtalashtirish uchun til biriktirish va mansabdor shaxsni qasamyodini buzishga undash bo‘yicha ayblangan.

Jorjiya shtatidagi Fulton okrugi prokuraturasi Trampning Jorjiya davlat kotibi Bred Raffensperger bilan telefon suhbati audioyozuvi 2021-yil yanvar oyida ommaviy axborot vositalarida paydo bo‘lganidan keyin bu ish bo‘yicha sud jarayonini boshlagan. Tramp Raffenspergerdan saylov natijalarini qayta ko‘rib chiqish uchun yetarli ovozlarni “topish”ni talab qilgan va so‘rov rad etilgan taqdirda, uni jinoiy javobgarlik bilan qo‘rqitgan. Tergov 2,5 yildan ortiq davom etdi.

25-avgustga qadar sobiq prezident va qolgan ayblanuvchilar sudya huzuriga ixtiyoriy ravishda kelishlari kerak. Olti oy ichida ishni ko‘rib chiqishni boshlash rejalashtirilgan.

Bu AQShning 45-prezidentiga qarshi ochilgan to‘rtinchi jinoiy ish hisoblanadi. Bungacha Trampga Kapitoliyga bostirib kirish, Floridadagi qarorgohida maxfiy hujjatlarni saqlash va pornoaktrisa Stormi Denielsga jim yurishi uchun to‘lov qilishda hujjatlarni qalbakilashtirishda ayblangan.

Tramp o‘ziga qo‘yilgan barcha ayblovlarni rad etib, bular 2024-yilgi saylovda prezidentlikka qayta saylanishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun siyosiy sabablarga ko‘ra “jodugar ovi”ning bir qismi ekanini da’vo qilmoqda.

2022-yil noyabrida Tramp bo‘lajak saylovlarda Respublikachilar partiyasidan prezidentlikka nomzodini qo‘yishini e’lon qilgan. So‘rovlar shuni ko‘rsatadiki, Qo‘shma Shtatlarning sobiq rahbari, o‘ziga qarshi ochilgan jinoiy ishlarga qaramay, mashhurlik borasida respublikachi raqiblaridan sezilarli darajada o‘zib ketgan.

Tramp gumonlanayotgan jinoyatlarda aybdor deb topilgan taqdirda ham, prezidentlikka nomzodini qo‘yishda davom etishi mumkin.