Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) mutaxassislari Kun.uz bilan hamkorlikda O‘zbekiston aholisi orasida velosipedning ishga borish vositasi sifatida ommalashuvini baholash maqsadida so‘rov o‘tkazdi. MHTI matbuot xizmati o‘rganish natijalarini “Gazeta.uz” bilan o‘rtoqlashdi.

Kun.uz Telegram-kanalida o‘tkazilgan so‘rovda 100 mingga yaqin respondent ishtirok etdi. Unda respondentlarning 51 foizi ishga mashinada (shundan 36 foizi shaxsiy transportda), 26 foizi jamoat transportida, 16 foizi piyoda va atigi 7 foizi velosipedda borishi (dunyoda o‘rtacha ko‘rsatkich 12 foiz, Niderlandiyada 30 foizga yetadi) ma’lum bo‘ldi.

“Agar qulay infratuzilma bo‘lsa, ishga qatnashda velosipeddan foydalangan bo‘larmidingiz?” degan savolga respondentlarning 74 foizi “ha” deya javob bergan. Qolgan 26 foizi masofaning uzoqligi (12 foiz), uyalish (4 foiz), noqulaylik (4 foiz), sog‘lik bilan bog‘liq muammolar (2 foiz) va boshqalarni (4 foiz) velosiped minmasligiga sabab qilib ko‘rsatgan.

velosiped, veloyo‘laklar, одамлар uchun шаhar, тошкент, мҳти

Ekspertlar velosipedda harakatlanishning ommalashuviga to‘sqinlik qiluvchi asosiy uchta to‘siqni sanab o‘tdi:

Velosipedlar haqidagi tushuncha va xabardorlikdagi muammolar asosiy to‘siqlardan biridir. Xususan, “velosiped — mashina olishga pul bo‘lmagan kambag‘allar transporti” yoki “velosiped mentalitetga ko‘ra ayollarga to‘g‘ri kelmaydi” kabi stereotiplar.

Velosipedlardan foydalanishda to‘siqlar yaratadigan va odamlarni ushbu ekologik toza va sog‘lom transport turidan qo‘rqitadigan rivojlanmagan infratuzilma.

Shaharsozlik siyosati shaharlarni to‘liq velosipedchilar uchun qulay qilib barpo etishga qaratilgan emas. Bundan tashqari, ish beruvchilarning qo‘llab-quvvatlashi, xususan, dushlar va kiyim almashtirish uchun sharoitlar yaratish ham muhim ahamiyatga ega.

Toshkentning Mirzo Ulug‘bek tumanida foydalanishga yaroqsiz veloyo‘lak.Toshkentning Mirzo Ulug‘bek tumanida foydalanishga yaroqsiz veloyo‘lak.

O‘zbekistonda velosipeddan foydalanishni boshlaganlar soni ortib bormoqda. Ammo odamlarning velosipedga o‘tishiga to‘sqinlik qiladigan bir qator infratuzilmaviy kamchiliklar mavjud:

  • Velosipedchilar beton, ariqlar, chakana savdo rastalari kabi to‘siqlarga duch keladi va avtomobillarning veloyo‘laklardan avtoturargoh sifatida foydalanishi bilan bog‘liq holatlar ko‘p kuzatiladi;
  • Piyodalar veloyo‘laklarga chiqib, velosipedchilarning harakatlanishiga to‘sqinlik qiladi;
  • Ba’zi ko‘chalardagi velosiped yo‘laklarining kengligi 1 metr bo‘lib, xalqaro standartlarga javob bermaydi;
  • Velosiped yo‘laklari tarqoq va bir-biri bilan bog‘lanmangan. Buning oqibatida velosipedchilar yo‘lning qatnov qismi bo‘ylab harakatlanishga majbur bo‘lmoqda.

2022-yilda O‘zbekistonda 9902 ta yo‘l-transport hodisasi rasman qayd etilgan, shundan 1136 tasi (11,5%) velosipedchilar ishtirokida sodir bo‘lgan. 342 ta (3,5%) holatda velosiped yo‘laklarining yo‘qligi sabab bo‘lgan.

Jahon tajribasi

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, velosipedning ko‘plab tan olingan afzalliklari bor.

  • Sog‘likka foydasi: velosipedda ishga boradigan odamlarda saraton xavfi 45 foiz, yurak-qon tomir kasalliklari xavfi 46 foiz kamroq bo‘ladi.
  • Atrof-muhit uchun foydasi: Gollandiya yondashuvini (kuniga o‘rtacha 2,6 km velosipedda yurish) butun dunyo bo‘ylab joriy etish atmosferaga yiliga 686 mln tonna kamroq karbonat angidrid gazi chiqarilishiga sabab bo‘lishi mumkin.
  • Iqtisodiy foydasi: Velosiped ulushini 6 foizga oshirish (velosipedda harakatlanish avtomobilda yurish o‘rnini egallaydi) iqlim o‘zgarishini yumshatishga yo‘naltiriladigan mablag‘larni har yili 1,2 mlrd AQSh dollari atrofida tejaydi.

Qozog‘istonning Chimkent ko‘chasidagi veloyo‘lak.Qozog‘istonning Chimkent ko‘chasidagi veloyo‘lak.

Velosipedning afzalliklarini anglagan holda, butun dunyo hukumatlari o‘z oldilariga velosipedni ommalashtirish bo‘yicha ulkan maqsadlar qo‘ygan.

Jumladan, Angliya 2025-yilga borib velosportlar sonini 2013-yildagiga qaraganda ikki baravar oshirishni rejalashtirmoqda.

Yevropada 2021-yilda velosipedni ommalashtirish bo‘yicha umumevropa rejasi qabul qilingan bo‘lib, u 2030-yilgacha velosipedchilar sonini sezilarli darajada oshirishni maqsad qilgan.

Fransiya 2018-yilda velosipeddan foydalanishni 2024-yilgacha uch baravar oshirish majburiyatini olgan.

Tavsiyalar

Velosipedning yanada kengroq va ommaviy transport turiga aylanishi uchun mutaxassislar quyidagilarni tavsiya qiladi:

  • velosipedchilar uchun xavfsiz va qulay infratuzilmani, shu jumladan, veloturargohlar va ta’mirlash stansiyalarini yaratish;
  • velosipedlarni kundalik transport vositasi sifatida targ‘ib qilish;
  • shaharlar va turistik hududlarda velosipedlarni ijaraga berish (velosipedlarni taqsimlash) tizimini rivojlantirish.

Tahririyatdan

“Gazeta.uz” beton veloyo‘laklar qurish boshlanganoq Toshkentda veloyo‘laklar tarmog‘ini qurishga noto‘g‘ri yondashilayotgani haqida ko‘plab maqolalarni (ro‘yxatni quyida ko‘rishingiz mumkin) e’lon qilib kelmoqda. Bizdan tanqid qilmaslik, loyiha yakuniga yetishini kutishni so‘rashdi. Biroq loyiha biz aytganimizdek muvaffaqiyatsiz yakunlandi.

Tor veloyo‘laklar bilan tutashgan tor piyodalar yo‘laklari na piyodalarni, na velosipedchilarni sig‘dira oladi. Harakat davomida chiqib qoladigan son-sanoqsiz uzilishlar va to‘siqlar, jumladan, chorrahalarda velosiped uchun alohida o‘tish joylarining yo‘qligi velosipedchilarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri avtomobil yo‘llaridan yurishni davom ettirishga majbur qilmoqda. Piyodalar yo‘laklari va veloyo‘laklarga ommaviy ravishda mashina qo‘yishga YHXX xodimlarining ko‘z yumishlari ham velosipedda harakatlanishning ommalashuviga to‘sqinlik qilmoqda.

O‘tgan qishdagi ayozlardan keyin ko‘plab piyodalar va velosiped yo‘laklari qoplamasi buzilib ketdi. Shuncha kamchiliklarga qaramay, Toshkent shahri va boshqa viloyatlarda velosiped yo‘laklarini piyodalar yo‘laklariga tutashtirib, noqulay va puxta o‘ylanmagan holatda qurish amaliyoti davom ettirilmoqda. Avtotransport uchun 10 va undan ortiq yo‘laklari bo‘lgan ko‘chalarda bu holat, ayniqsa, kulgili ko‘rinadi.

2019-yilda Germaniyaning Planungsbüro VAR+ byurosi velosiped infratuzilmasini rivojlantirish uchun Toshkentga taklif qilingan edi. Kompaniya xodimlari shahardagi vaziyatni o‘rganib, O‘zbekiston velosiped jamoatchiligi vakillari bilan uchrashib, ularning fikr-mulohazalari va muammolarini o‘rganishdi hamda velosiped infratuzilmasini rivojlantirish konsepsiyasini ishlab chiqish bo‘yicha tavsiyalar tayyorlashni rejalashtirdi. Yakunda loyiha amalga oshirilmadi.