O‘zbekistonda xalq deputatlari kengashlari xalq ovoziga aylanishi kerak. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev 11-avgust kuni Buxoroda bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda aytib o‘tdi.

Har bir hokim davlat rahbarining Toshkent, Farg‘ona va Buxoro viloyatlariga tashrifi davomida o‘nlab rahbarlar ishdan bo‘shatilganidan xulosa chiqarishi kerak, dedi u.

“Agar xulosa qilmasanglar, buni zamon ko‘tarmaydi. Faqat va faqat kengash, kengash, kengash. Qonunlar nuqtai nazaridan, talab nuqtai nazaridan, „Yangi O‘zbekiston“ shiori nuqtai nazaridan joylarda kim ishlamayotgan bo‘lsa, ketishi kerak, menga taklif beringlar. Kengash ovozi baralla xalq ovozi bo‘lishi kerak, xalqning dardi bilan yashashi kerak. Kengash qaror qildimi, qonun bo‘lishi kerak. Nimaga desangiz, jamiyatimizda sifat nuqtai nazaridan odamlarning talabi o‘sib bormoqda”, — dedi prezident (“O‘zbekiston 24” telekanali lavhasidan iqtibos).

Davlat rahbari ijro organlari rahbarlari viloyat, tuman, shahar kengashlari bilan birgalikda xalq manfaatini ko‘zlab hamkorlik qilishi kerakligini ta’kidladi.

O‘zbekistonning avvalgi Konstitutsiyasiga ko‘ra, hokimlar bir vaqtning o‘zida xalq deputatlari kengashlari raisi lavozimlarini egallab kelgan. Yangi tahrirdagi “Konstitutsiya to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra, 2024-yildan Toshkent shahri va viloyatlar hokimlariga kengash raisi lavozimini egallashi taqiqlanishi ko‘zda tutilgan. Shu bilan birga, Konstitutsiya loyihasida ularning deputat va senator etib saylanishi taqiqlanmagan. Anchadan beri muhokama qilinayotgan hokimlarni saylash amaliyoti esa loyihada aks etmagan.

Avvalroq “Gazeta.uz” koluministi Komil Jalilov o‘z ruknida Konstitutsiyada hokimiyat tarmoqlarining haqqoniy bo‘linishi va reprezentativ demokratiyaning mustahkamlanishi bo‘yicha o‘zgartirishlar yetishmayotgani haqida yozgandi.

Xususan, senatorlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri saylash mexanizmini joriy etish (qaysi hududdan vakil sifatida Senat ishida qatnashadigan bo‘lsa, shu hudud aholisi tomonidan saylanishi) va senatorlarni davlat rahbari farmoni asosida tayinlash amaliyotidan voz kechishni taklif qilgan. Hozirda prezident 65 senatordan 9 nafarini tayinlashi mumkin.

Shuningdek, ruknda hokimlarni mahalliy aholi tomonidan umumiy, teng va to‘g‘ridan-to‘g‘ri saylov huquqi asosida yashirin ovoz berish yo‘li bilan ikki muddatdan ko‘p bo‘lmagan muddatga saylashni joriy etish taklifi ham ilgari surilgan. Muddat to‘g‘risidagi norma yangi Konstitutsiyaga kiritilgan, ammo saylovlar to‘g‘risidagi norma yo‘q.