Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent aeroporti yaqinida qurilayotgan yo‘l o‘tkazgichning beshta to‘sini qulagani aks etgan video paydo bo‘ldi.

Videoda 42 metrli to‘sinlar qulagach, yerdan chang ko‘tarilayotganini ko‘rish mumkin.

To‘sinlar yuk mashinasi (ko‘rinishidan kran) ustiga tushib, uning kabinasiga zarar yetkazgan. Odamlar hodisa joyiga yugurib borgan, so‘ng ular to‘sinlar ostiga va mashina kabinasiga qarab, go‘yoki qurbonlar bor-yo‘qligini tekshirgan.

Avvalroq holat bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani va 3 nafar mansabdor gumonlanuvchi tariqasida ishga jalb qilinib, protsessual tartibda ushlangani haqida xabar berilgandi.

“O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati o‘rnatish vaqtida to‘sinlar “ehtiyotsizlik” tufayli tushib ketganini ma’lum qilgandi.

“Yo‘l o‘tkazgichni zamonaviy qurilish standartlari asosida qayta qurish” loyihasi buyurtmachisi Toshkent shahri hokimligi huzuridagi “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasi, bosh loyihachisi “Ko‘prikqurilishloyiha” unitar korxonasi, bosh pudratchi “Ko‘prikqurilish” tresti hisoblanadi. Shu bilan birga, “Gazeta.uz”ning davlat xaridlari portalidagi ma’lumotlardan aniqlashicha, ikkita loyiha kompaniyasi bilan shartnoma tuzilgan — “Ko‘prikqurilishloyiha” va Allegro Develop Project.

“Gazeta.uz” iyul oyi oxirida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev tanishgan rekonstruksiya loyihasi haqida batafsil ma’lum bergandi.