Zo‘ravonlikka qarshi kurashuvchi Nemolchi.uz loyihasi 3−5-sinf o‘quvchilarini axloqsiz harakatlar qilishga majburlagani uchun pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanish huquqidan mahrum qilish bilan 2 yilga ozodlikdan mahrum etilgan Toshkentdagi 158-maktab psixologi Azad Gasanov (1963-yilda tug‘ilgan) muddatidan oldin ozodlikka chiqqani va yana o‘qituvchilik faoliyatiga qaytgani haqida xabar berdi. “Gazeta.uz” Oliy sud sayti orqali sud qarori bilan tanishdi.

Psixologning o‘quvchi qizlarga tegajog‘lik qilgani o‘tgan yilning aprel oyida ma’lum bo‘lgandi. Ota-onalar maktab rahbariyati oshkoralikka yo‘l qo‘ymaslikka harakat qilgani va qizlarni ikki nafar katta yoshli erkak ginekolog tibbiy tekshiruvdan o‘tkazgani ular ruhiyatiga yanada ko‘proq salbiy ta’sir ko‘rsatganini aytgandi.

Maktab psixologi huquq-tartibot organlari tomonidan ushlanib, ruhiy kasalliklar shifoxonasiga joylashtirilgan. 19-avgust kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod sudining hukmi bilan Gasanovga Jinoyat kodeksining 129-moddasi (O‘n olti yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar qilish) 1-qismi bilan 2 yil muddatga pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanish huquqidan mahrum qilingan holda 2 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

28-oktabrda jinoyat ishlari bo‘yicha Ohangaron shahri sudi hukm chiqarilgandan atigi 3 oy o‘tib, Gasanov tomonidan o‘talmagan (1 yil 5 oy 28 kun) ozodlikdan mahrum qilish jazosini axloq tuzatish ishlariga o‘zgartirgan.

2023-yilning 26-may kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tumani sudi Gasanovni pensiya yoshiga yetgani sababli 1 yil 10 kunlik axloq tuzatish ishlari jazosidan ozod qilgan.

18-iyul holatiga ko‘ra, Gasanov tomonidan o‘talmagan yagona jazo bu 1 yil 3 oy 10 kun muddatga pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanish huquqidan mahrum qilinishi edi. Biroq Azad Gasanov sudga uni shartli ravishda ozod qilish va ushbu jazodan ozod qilish iltimosi bilan murojaat qilgan.

4-avgust kuni Mirzo Ulug‘bek sudi sudyasi B.Qayumov tuman prokurori katta yordamchisi F.Yunusov ishtirokida arizani o‘rganib chiqqan. Sudya katta prokuror yordamchisi va Azad Gasanovning fikrini tinglab, Gasanovning arizasini Jinoyat kodeksining 73-moddasi (eski tahrirda) va Jinoyat-protsessual kodeksining 541−542-moddalari bilan asosli deya hisoblagan va arizani qanoatlantirgan.

U 1 yil 3 oy 10 kun muddatga pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanish huquqidan mahrum qilish tarzidagi keyingi jazodan shartli ravishda ozod qilingan.

“Boshqacha aytganda, endilikda Gasanov maktablarda va xususiy ta’lim muassasalarida bolalar bilan ishlashni davom ettirishi mumkin”, — deya xulosa qiladi Nemolchi.uz.

12-avgust kuni Toshkent shahri maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasining xabar berishicha, 2022-yil 7-aprelda Azad Gasanov Mehnat kodeksining 100-moddasi 4-qismi 2-bandi bilan Mirobod tumanidagi 158-sonli maktab psixologi vazifasidan ozod etilgan va u hozirda poytaxtdagi umumta’lim muassasalarida faoliyat ko‘rsatmayapti.