Energetika vazirligi hamda hokimliklar issiqxonalarni gaz va ko‘mir bilan uzluksiz ta’minlash kafolatini beradi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev 11-avgust kuni Buxoroda bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda aytib o‘tdi.

Davlat rahbari so‘nggi yillarda issiqxonalar maydoni 3 barobarga ko‘payib, 5,2 ming gektarga yetgani, ularda yetishtirilayotgan mahsulotlar hajmi 90 ming tonnadan 300 ming tonnaga ko‘payganini ta’kidladi. Issiqxonalar 150 ming aholini yuqori daromadli ish bilan band qilmoqda.

issiqxonalar, energetika vazirligi, hokimliklar

Prezident o‘tgan qishdagi qattiq sovuqdan eng ko‘p zarar ko‘rganlar qatorida issiqxonalar egalari ham borligini aytdi. Ularning muammolarini hal etish uchun Energetika vazirligi, viloyat hokimlari va issiqxona xo‘jaliklari o‘rtasida uch tomonlama shartnomalar tuzilishi belgilandi.

“Vazirlik viloyat hokimlari bilan birga yoqilg‘i mahsulotlarini (ko‘mir va gaz) issiqxonalarga uzluksiz yetkazib berish kafolatini beradi, issiqxonalar esa yetkazib berilgan yoqilg‘i uchun to‘liq hisob-kitob qilish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish, ularni ichki bozorga va eksportga chiqarish bo‘yicha majburiyat oladi”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Ixtiyoriy ravishda ko‘mirda ishlaydigan issiqxonalarga davlat tomonidan rag‘batlantirish paketi joriy qilinadi. Jumladan, issiqxonalarga maxsus ombor qurish va aylanma mablag‘ uchun 14 foizli kredit liniyasi ochib beriladi, isitish qozonlarini xarid qilish xarajatlarining 20 foizi qoplab beriladi.

2025-yilgacha rentabelli mahsulotlar yetishtirishni kengaytirish maqsadida import qilinadigan gul tuganaklari, piyozboshlari va qalamchalari bojxona bojidan ozod etildi.

Tabiiy gazda ishlaydigan issiqxonalar aylanma mablag‘larini to‘ldirishga ham 650 mlrd so‘m kredit resurslari yo‘naltiriladi, dedi Shavkat Mirziyoyev. 1000 ta issiqxonaning 2,2 trln so‘mlik kreditlarini qaytarish muddati uzaytirib beriladi.

issiqxonalar, energetika vazirligi, hokimliklar
Davlat rahbari sobiq energetika vaziri, hozirda prezident maslahatchisi Alisher Sultonovga energetika sohasida ham topshiriqlar berdi. Foto: “O‘zbekiston 24”.

Shavkat Mirziyoyevning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda 1700 gektar maydondagi issiqxonalarda yoqilg‘i sifatida ko‘mir ishlatilmoqda, yana 300 gektarda fermer xo‘jaliklari ko‘mir yoqilg‘isiga o‘tmoqda. Viloyat hokimlariga 1-oktabrgacha 1 mln tonna ko‘mir zaxirasini shakllantirish va har bir hududda kamida bittadan ko‘mir saqlash ombori qurish bo‘yicha topshiriq berildi.

Eslatib o‘tamiz, 2022-yil oktabr oyida issiqxonalari gazdan uzilgan tadbirkorlar norozilik bildirib, Toshkentda to‘plangandi. Prezident vaziyatga aralashganidan so‘ng gaz qayta ulangan.

Prezident administratsiyasi rahbari issiqxonalarni gazdan uzib qo‘ygan mutasaddilar harakatini “davlat xavfsizligiga tahdid”, deb baholagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, gazning atigi 1,5 foizi tejalgan, lekin eksport va ish o‘rinlari “o‘ldirilgan”.

Fevral oyida prezident ayrim issiqxonalar, sement va g‘isht zavodlari, bolalar bog‘chalari, maktab va shifoxonalarni ko‘mir yoqilg‘isiga o‘tkazish to‘g‘risidagi qarorni imzoladi. 2023-yilda gazni tejovchi 5407 ta ijtimoiy obyekt, 1147 ta issiqxona va 250 ta zavod foydalanishga topshirilishi kutilmoqda.