O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev juma kuni Buxoroda bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda mamlakat hududlarida ko‘kalamzorlashtirish ishlari sust ketayotganini tanqid qildi. Bu haqda davlat rahbari matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi.

Davlat rahbari tomonidan 2021-yil noyabr oyida e’lon qilingan “Yashil makon” dasturida har yili 200 million tup daraxt ekish bo‘yicha barcha hududlarda ko‘kalamzorlashtirish darajasini 30 foizga yetkazish ko‘zda tutilgandi.

Buning uchun har bir hududda bahor va kuzda 15 million tupdan ko‘chat ekish rejalashtirilgan. Bundan tashqari, barcha shaharlar atrofida “yashil belbog‘lar” qurish reja qilingan.

Ayrim rahbarlar bu ishlarni o‘z holiga tashlab qo‘ydi, dedi Shavkat Mirziyoyev. Ko‘chatlar sug‘orish tizimi yo‘q hududlarga ekilgani sabab 10 million nihol nobud bo‘lgan, — dedi u.

Daraxt ko‘chatlarini yo‘llar bo‘yida ekish ishlari 33 ta tuman va shaharda umuman bajarilmagan, — dedi prezident.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bundan buyon hokimlarning asosiy vazifalaridan biri o‘z hududida ekologik vaziyatni yaxshilash, aholiga qulay yashash va toza havo muhitini yaratishdan iborat bo‘ladi.

Prezident barcha tizim va hudud rahbarlariga mahallalar, aholi punktlari, ko‘p qavatli bino, hovlilarni obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish bo‘yicha targ‘ibot ishlarini kuchaytirish bo‘yicha topshiriqlar berdi.

Avvalroq Shavkat Mirziyoyev ko‘chat ekishlar chog‘ida qo‘shib yozish holatlari bo‘layotganini bir necha bor ta’kidlagandi.

O‘tgan yozda Hisob palatasi “Yashil makon” loyihasidagi ko‘chat ekish hisobotlarida 6,2 mln ko‘chat qo‘shib yozilgani, 2,4 mln tupi qurib qolgani, shuningdek, sug‘orish va parvarish ishlari yaxshi tashkil etilmaganini aniqlagan.

Iyul oyida Ekologiya vazirligi rahbari Aziz Abduhakimov “Yashil makon” loyihasi doirasida ekilishi kerak bo‘lgan 2 milliondan ortiq ko‘chat ekildi deb hisobotga qo‘shib yozilgani haqida ma’lum qilgandi. Shuningdek, 1,8 million tup daraxt mas’ul shaxslarga biriktirilmagan, sug‘orish imkoniyati bo‘lmagan joylarga esa 7,3 million tup daraxt ekilgan.

Yaqinda Bosh prokuratura “Yashil makon” loyihasi doirasida xizmat vazifalarini lozim darajada bajarmagan 29 nafar mahalliy davlat hokimiyati organlari va idoralar rahbarlari qonunchilikda belgilangan javobgarlikka tortilishi mumkinligini ma’lum qilgandi.