8-avgust kuni O‘zbekiston prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatulla Irgashev va Yevropa Ittifoqining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus elchisi Tomas Niklasson videokonferensaloqa orqali ikki tomonlama hamkorlik masalalarini muhokama qildi, deb xabar qildi TIV matbuot xizmati.

“Tomonlar afg‘on muammosi bo‘yicha ham ikki tomonlama asosda, ham Markaziy Osiyo davlatlarining maxsus vakillari darajasida maslahatlashuvlarni davom ettirishdan o‘zaro manfaatdor ekanligini bildirdi”, — deyiladi TIV saytida.

Suhbat chog‘ida O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqining afg‘on inqirozini tinch yo‘l bilan hal etish, mamlakatga tezkorlik bilan gumanitar va boshqa yordam ko‘rsatish borasidagi sa’y-harakatlari muhokama qilindi.

Afg‘on muammosini tartibga solish va xalqaro sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirishda BMTning yetakchi roli muhimligi ta’kidlandi, deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev iyul oyida SHHT sammitida afg‘on xalqining fojiasi xalqaro kun tartibida ikkinchi o‘ringa surilib qolganini aytgandi.