O‘ta yirik miqdordagi firibgarlikka qarshi kurashish byurosi (Serious Fraud Office, SFO) Buyuk Britaniyadagi Gulnora Karimovaga tegishli bo‘lgan uchta hashamatli ko‘chmas mulk obyektini musodara qildi. Bu haqda nazorat organi bayonotida ma’lumot berildi.

Gap Londonning nufuzli Belgraviya tumanidagi ikkita kvartira va Surrey grafligidagi hashamatli uy haqida bormoqda. Ularning umumiy qiymati 20 million funt sterlingdan ko‘proqqa baholanmoqda.

SFO`ning qayd etishicha, Gulnora Karimova va uning oilasi bu ko‘chmas mulklarni O‘zbekistondagi korrupsion faoliyatdan olingan mablag‘ evaziga sotib olgan.

“SFO [Gulnora] Karimova 2004−2012-yillarda telekommunikatsiya kompaniyalaridan O‘zbekiston bozoriga kirishda yordam berish evaziga pora ko‘rinishida yuzlab million dollar olganini da’vo qiladi”, — deyiladi byuro xabarida.

SFO 2018-yil oktabr oyida Karimovaning Britaniyadagi aktivlarini, jumladan, uchta mulkini musodara qilish bo‘yicha sudga murojaat qilgan. Byuro xabariga ko‘ra, 8-avgust kuni Buyuk Britaniya Oliy sudi bu da’voni qanoatlantirgan.

Gulnora Karimova 2019-yil bahoridan beri 21-raqamli koloniyada jazoni o‘tamoqda. Oliy sud 2020-yil mart oyida u jinoiy guruh tashkil etish, firibgarlik, o‘zlashtirish va boshqa jinoyatlar bo‘yicha ish yuzasidan 13 yil 4 oyga ozodlikdan mahrum etilgani haqida xabar bergandi.

Gulnora Karimovaga aloqador Shveysariya, Fransiya, AQSh va boshqa qator mamlakatlardagi aktivlarining umumiy miqdori qariyb 1,4 milliard dollarga baholanadi. O‘zbekiston hukumati ularning bir qismini qaytarishga harakat qilmoqda.