O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vaziri tomonidan 8-avgust kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda Andijon davlat tibbiyot institutidagi korrupsiya holati tanqid qilindi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Institut mas’ul xodimlari — bosh hisobchisi A.Raxmonov, kadrlar bo‘limi boshlig‘i D.Nazarova, reja-moliya bo‘limi boshlig‘i A.Axmedova, ta’lim sifatini nazorat qilish bo‘limi boshlig‘i X.Aliyev, o‘quv-uslubiy boshqarma boshlig‘i Q.Yusupov egallab turgan lavozimidan ozod qilingan.

Bundan tashqari, institut rektori M.Madazimovni “korrupsion holatlarni yuzaga kelishiga sabab bo‘luvchi holat va shart-sharoitlarni bartaraf etishda qat’iyatsizlik ko‘rsatgani va korrupsiyaga oid jinoyat sodir etilishiga yo‘l qo‘ygani sababli” lavozimidan ozod etish to‘g‘risida taklif tayyorlash belgilangan.

“Gazeta.uz” iyul oyida Andijon davlat tibbiyot instituti dekani o‘rinbosari 16 ming dollar olayotgan vaqtda ushlangani haqida yozgandi. Shuningdek, ishga aloqador bo‘lgan oliy o‘quv yurtining o‘qituvchisi ham qo‘lga olingan.