4-avgustda Toshkent metropolitenining “Do‘stlik-2” bekatida fuqaro metro yo‘liga tushib qolgan bosh kiyimni olish maqsadida o‘zboshimchalik bilan poyezd yo‘liga tushgan. Bu haqda “Toshkent metropoliteni” axborot xizmati xabar qildi.

Metropoliten va ichki ishlar organi xodimlari tomonidan ko‘rilgan chora-tadbirlar orqali yo‘lovchi xavfsiz tarzda platformaga chiqarilgan.

Fuqaro A.M.ga nisbatan “Metropolitendan foydalanish tartib-qoidalari”ga amal qilmagani sababli bayonnoma rasmiylashtirildi.

“Shu bilan bir qatorda metro yo‘lida inson hayoti uchun xavfli hisoblanuvchi yuqori kuchlanishli elektr toki mavjudligini eslatib o‘tamiz. Shu sababli metrodan foydalanish vaqtida hushyor va sergak bo‘ling. Agarda bu kabi holatlarga duch kelganingizda zudlik bilan bekat platformasida faoliyat olib boruvchi xodimlarga murojaat qilishingizni so‘raymiz”, — deyiladi metropoliten xabarida.