Sog‘liqni saqlash vazirligi Toshkent shahridagi tug‘uruqxonada egizak chaqaloqlar vafoti yuzasidan rasmiy munosabat e’lon qildi.

Qayd etilishicha, bemor D.Sh. egizak homiladorlikning og‘ir asoratli kechishi tufayli poytaxtdagi 6-sonli tug‘uruq kompleksiga 2023-yil uch marotaba (4−11-aprel, 29-may-5-iyun va 13−17-iyun kunlari) yotqizilgan va homilaning surunkali tushish xavfi bilan davolangan.

Ayolda homilani saqlash bo‘yicha olib borilgan statsionar va ambulator muolajalarga qaramay, 2023-yil 22-iyun kuni to‘rtinchi marotaba tez tibbiy yordam xizmati avtomashinasi orqali ushbu tug‘uruq muassasasiga shoshilinch ravishda olib kelingan. Unga “Homiladolik-1. Egizak. Erta tug‘uruqning boshlanishi. Homila ichki infeksiyasi. Kam suvlik.” tashxisi qo‘yilgan.

2023-yil 22-iyun kuni soat 21:45 da ayolda erta tug‘uruq kuzatilgan. Asoratli tug‘uruq belgilari bilan og‘ir darajadagi chalalik, chuqur asfiksiya, sust yurak urishi bilan 660 gr., 33 sm. uzunlikdagi qiz jinsli chaqaloq tug‘ilgan. Biroq shifokorlar tomonidan o‘z vaqtida olib borilgan yurak-o‘pka reanimatsiyasi muolajalari samara bermagan.

Ikkinchi qiz jinsli o‘lik chaqaloq 15 daqiqadan so‘ng asoratli tug‘uruq belgilari bilan og‘ir darajadagi chalalik, o‘lik homilaning bachadonda ko‘ndalang joylashuvi, 560 gr., 31 sm. uzunlik ko‘rsatkichlari bilan tug‘ilgan. Shundan so‘ng yo‘ldosh gistologiya tekshiruviga yuborilgan.

“Bemor D.Sh.ning qarindoshlari tomonidan yozma ravishda imzolangan tilxatda tibbiyot xodimlariga e’tirozi yo‘qligi va patanatomik tekshiruvga qarshiligi to‘g‘risidagi qat’iy talabi tufayli o‘ta kam vaznli (660 va 560 gr.) chaqaloqlarni patanatomik tekshiruvdan o‘tkazish imkoni bo‘lmadi. Ayol 2023-yil 23-iyun kuni qoniqarli ahvolda shifoxonadan chiqarilgan”, — deyiladi xabarda.

“Xalqaro miqyosdagi ilmiy manbalarga ko‘ra, 26 haftalik, o‘ta kam vazndagi chaqaloqlarning yashab qolish ko‘rsatkichi juda past hisoblanadi. Qolaversa, Bemor D.Sh.da homila ichi infeksiyasi, egizaklik holati va homilaning bachadonda ko‘ndalang joylashuvi ikkala chaqaloqdagi asoratlarni yanada chuqurlashtirib, yashash imkoniyatidan butunlay mahrum qilgan”, — deya qayd etgan vazirlik.