2-avgust kuni Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyatiga tashrifi doirasida o‘tkazgan videoselektor yig‘ilishida yil yakuniga qadar kambag‘allik darajasini 14 foizdan 12 foizga tushirib, 200 mingga yaqin oilani kambag‘allikdan chiqarish mumkinligini qayd etdi. Bu haqda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar qildi.

Davlat rahbari bandlik kompleksi rahbarlariga viloyat hokimlari bilan birga 500 ming aholini kasanachilikka jalb qilish choralarini ko‘rishni, “Kasanachilar maktabi” tashkil qilib, unda tadbirkor va kasanachilarga bepul konsalting xizmatlari ko‘rsatilishini, o‘qitish va malakasini oshirish yo‘lga qo‘yilishini topshirdi.

Yil yakuniga qadar 200 ming aholi ro‘yxatini mahallabay tasdiqlab, yuqori daromadli kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitish topshirig‘i berildi. Bunda muqobil energiya uskunalarini o‘rnatish, interer dizayneri, IT, elektron savdo, elektromobillarga xizmat ko‘rsatish kabi yuqori daromadli kasblarga o‘qitish ko‘lamini kengaytirish zarurligi ta’kidlandi.

Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini ta’minlash va imtiyozli resurslarning yetib borishini osonlashtirish bo‘yicha chora-tadbirlarni e’lon qildi. Unga ko‘ra, endilikda hokim yordamchilari o‘zini o‘zi band qilganlarning kichik va o‘rta biznesga o‘tishiga ko‘maklashadi.

Buning uchun Yaponiyaning Kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash tashkiloti ekspertlari yordamida Yaponiya tajribasi asosida hududlarda biznes-inkubator va akseleratorlar tizimi joriy etiladi. Bunda, salohiyatli tadbirkorlarga dastlabki aylanma mablag‘lari uchun “ulushdorlik” kapitali beriladi.

Bu ishlarni moliyalashtirish uchun Tadbirkorlik jamg‘armasi faoliyati ham tubdan o‘zgaradi va unga tadbirkorlarga ulushdor bo‘lib kirish vakolati beriladi. Shuningdek, “mahalladagi yettilik” kafilligi bilan garovsiz beriladigan oilaviy tadbirkorlik kreditlari miqdori hozirgi 33 million so‘mdan 100 million so‘mga oshiriladi. Ushbu mablag‘larning bir qismini naqd pul ko‘rinishida berishga ruxsat etiladi.

Umuman, yig‘ilishda belgilab berilgan ishlarning tashkil etilishi orqali yil yakunigacha

  • 2 million aholi bandligini ta’minlash;
  • 55 ming nafar o‘zini o‘zi band qilganlarni kichik biznes subyektiga aylantirish;
  • 5 mingta kichik korxona o‘rta tadbirkorlar toifasiga qo‘shilishi mumkinligi qayd etildi.

Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonda 2022-yili 1 million nafar, 2023-yilning birinchi choragida 210 ming aholi kambag‘allikdan chiqarilganini ma’lum qilgandi.