Uzbekistan Airports kompaniyasi Toshkent aeroportiga yana uchta yangi taksi operatorini jalb etish rejasini ma’lum qildi.

E-auksion.uz maydonchasiga taksi turar joylarini ijaraga olish uchun uchta lot qo‘yilgan — xalqaro aeroportning umumiy zali, CIP-zal hamda mahalliy aviaqatnovlar terminalining qabul qilish zalida.

Savdolar 17-avgust kuni bo‘lib o‘tadi. Nomzod kompaniyalar uch yildan ortiq bo‘lmagan, benzinda yoki elektrda ishlaydigan avtomobillari parkiga ega bo‘lishlari kerak. Kompaniya shtatiga rasman o‘zbek, rus va ingliz tillarini boshlang‘ich bilimga ega malakali haydovchilar ishga olinishi kerak.

Avtomobillar mashhur brendlarga tegishli bo‘lishi, haydovchilar esa yagona formada bo‘lishlari kerak. Kompaniya yo‘lovchilarni barcha to‘lov shakllari — naqd pul va mahalliy va xorijiy to‘lov tizimlarining bank kartalari bilan ta’minlashi kerak bo‘ladi.

O‘tgan yilning kuzidan buyon xalqaro terminalning qabul qilish zaliga yaqin masofada aeroportning yagona taksi xizmati — Taxi Airport Tashkent avtomobillarigina joylashtirilmoqda. Boshqa taksilar yo‘lovchilarni to‘xtash joyidan yoki yo‘ldan olib ketishi mumkin.

Iyul oyi oxirida Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi aeroportda qat’iy tarif bo‘yicha ishlayotgan yagona taksi xizmatining mavjudligi qonunchilikka zid ekani, boshqa tashuvchilarning kirishiga “sun’iy to‘siqlar qo‘yilgani”ni ma’lum qildi. Bayonotda, shuningdek, xalqaro aeroportdagi avtoturargohlarning qimmatligi haqida ham so‘z boradi.

Bunga javoban Uzbekistan Airports qat’iy xavfsizlik va sifat talablariga javob beradigan yagona taksi xizmatini tashkil etish aeroportni tartibga keltirishning yagona yo‘li ekanini bildirdi. Kompaniya Raqobatni rivojlantirish qo‘mitasining buyrug‘ini bekor qilishga erishish, shuningdek, taksi xizmatlarini ko‘rsatuvchi yangi kompaniyalarni jalb qilish niyatida ekanini aytdi.