O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 31-iyul kuni bir qancha yirik banklarni xususiylashtirish muddatlarini uzaytirish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.

Xususan, 2024-yil oxirigacha xususiylashtirish yo‘li bilan mamlakatning ikkinchi yirik banki — “O‘zsanoatqurilishbank”dagi davlat ulushini 50 foizdan kamaytirilishi ko‘zda tutilgan. Dastlab, butun davlat ulushini 2022-yil oxirigacha, keyin esa 2023-yil oxirigacha auksionga qo‘yish rejalashtirilgan edi. Xususiylashtirilgunga qadar bank oddiy aksiyalari bo‘yicha dividend to‘lanmagan holda uning sof foydasi taqsimlanmaydi.

Hozirda bank Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi (82,1 foiz), Strategik islohotlar agentligi (13,1 foiz) va “O‘ztransgaz” (1,2 foiz) tomonidan nazorat qilinadi.

Investitsion jozibadorlikni oshirish maqsadida bankda boshqaruvi raisi va uning a’zolarini mustaqil ravishda tayinlash va lavozimidan ozod qilish amaliyoti to‘liq joriy etiladi, deyiladi farmonda. Hozirda bu tartib Markaziy bank bilan kelishilishi kerak.

Bank Xalqaro moliya korporatsiyasidan (XMK) oddiy aksiyalarga konvertatsiya qilish imkoniyati bilan 125 million dollar kredit oldi. Yil oxirigacha xuddi shunday imkoniyat bilan Osiyo taraqqiyot bankidan (OTB) yana 50 mln dollar, XMKning 40 mln dollarlik subordinar qarz mablag‘larini jalb etish, mahalliy va xalqaro kapital bozorlarida 100 mln dollarlik “yashil” obligatsiyalar chiqarish rejalashtirilgan. Ya’ni, qarz va kreditlarni to‘lash o‘rniga, kreditorlarga aksiyalarni taklif qilish mumkin.

Bundan tashqari, prezident Iqtisodiyot va moliya vazirligiga “O‘zsanoatqurilishbank”ga ajratilgan 1,28 trln so‘m miqdoridagi kreditni kredit shartlarini o‘zgartirmagan holda subordinar qarz sifatida qayta rasmiylashtirish bo‘yicha topshiriq berdi.

Farmon bilan boshqa banklarning xususiylashtirish va aksiyalarini ommaviy joylashtirish (IPO) muddati uzaytirildi:

  • 2022-yil 1-oktabrga qadar rejalashtirilgan “Qishloq qurilish bank” aksiyalari IPO`si 2024-yil 1-martga ko‘chirildi;
  • “Asakabank”ni xususiylashtirish 2025-yil oxiriga rejalashtirildi — bu muddat 2023-yil oxirigacha etib belgilangan edi;
  • 2025-yil 1-yanvarga qadar (2023-yil 1-iyulgacha edi) “Xalq banki” AT (Xalq banki), “Mikrokreditbank” ATB, “Aloqabank” AT, “Agrobank” ATB va “O‘zmilliybank” AT aksiyalari fond birjasida IPO`dan o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda.

Bugungi kunga qadar davlat faqat ikki bank aksiyalarini sotdi. Vengriyaning OTP Bank banki 324 mln dollar evaziga Ipoteka-bank egasiga aylandi. “O‘zagroeksportbank” esa yanvar oyida Support Level kompaniyasi (Olimjon Shodiyevga tegishli) tomonidan xususiylashtirildi.

2025-yilda bank sektoridagi davlat ulushini 40 foizga kamaytirish rejalashtirilgan edi, biroq katta ehtimol bilan bu ko‘rsatkichga o‘z vaqtida erishilmaydi.