O‘zbekiston Markaziy banki raisi Mamarizo Nurmuratov 27-iyul kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida milliy valyutaning devalvatsiyasini import hajmining oshishi bosimi bilan izohladi, deya xabar berdi “Gazeta.uz” muxbiri.

Regulyator rahbarining so‘zlariga ko‘ra, Markaziy bank dollarning so‘mga nisbatan kursi bo‘yicha prognozlar bermaydi, chunki kurs valyuta bozoridagi talab va taklifdan kelib chiqib shakllanadi.

Yil boshidan buyon dollar kursi so‘mga nisbatan 3,1 foizga mustahkamlandi, birgina iyul oyining o‘zida milliy valyuta 112 so‘mga arzonladi. Yil boshidan buyon importning 17 foizga o‘sishi milliy valyutaga ma’lum darajada bosim o‘tkazdi, dedi u.

“O‘tgan yillar bilan solishtirsak, yilning bu davrida shunday mavsumiylik kuzatiladi, ko‘plab importchilar tashqi savdo operatsiyalarini shu davrda amalga oshiradi. Agar 2019, 2020 va 2021-yillarga nazar tashlansa, aynan shu davrda — ikkinchi chorak oxiri va uchinchi chorak boshida importimiz oshadi. Shundan kelib chiqib, valyuta bozorida ma’lum bosim bor”, — dedi Mamarizo Nurmuratov.

Shu bilan birga, Markaziy bank rahbari bu holat milliy valyutaning qadrsizlanishiga olib kelmasligini ta’kidladi, chunki banklar va korporativ mijozlar “tegishli likvidlikka ega, bu esa ularga valyutani erkin sotish va sotib olish imkonini beradi”.

“Bugungi valyuta kursi tashqi savdo operatsiyalarining haqiqiy ko‘rinishini aks ettiradi”, — dedi Mamarizo Nurmuratov.

Markaziy bankning 27-iyuldagi asosiy kurs bo‘yicha bayonotida import dinamikasida sezilarli o‘sish kuzatilayotgani, bu bir tomondan ichki faollikning o‘sishi bilan bog‘liq bo‘lsa, ikkinchi tomondan valyuta bozorida talabni oshiruvchi omil ekanini qayd etgandi.

Regulyator, shuningdek, valyuta kursining o‘zgarishi aholi va tadbirkorlik subyektlarining inflyatsion kutilmalariga ta’sir etuvchi asosiy omillardan biriga aylanib borayotganini bildirgan.