Farg‘ona viloyatida 8 oylik qizini 10 ming dollarga sotmoqchi bo‘lganida qo‘lga olingan ayolga nisbatan sud hukmi o‘qilib, unga nisbatan 5 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi. Bu bo‘yicha sud qarori Oliy sud saytida e’lon qilindi.

Ish hujjatiga ko‘ra, sudlanuvchi N.M. farzandi — 2022-yil 27-avgustda tug‘ilgan S.M.ni sotish maqsadida 2023-yil aprel oyi boshlarida F.A. (ayol) bilan tanishib, uning qiz farzand asrab olish maqsadida yurganidan xabar topib, unga farzandini 10 ming dollarga sotishga rozi bo‘lgan.

F.A.ning bildirishicha, u ayolning xatti-harakatlaridan shubha qilgani uchun Farg‘ona viloyati IIB va DXX boshliqlari nomiga ariza bilan murojaat qilgan va ayolga nisbatan chora ko‘rishni so‘ragan.

O‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro N.M. farzandini Uchko‘prik tumanida kelishilgan 10 ming dollarga sotib, kimyoviy ishlov berilgan pullarni olganda ushlangan.

Jarayonda Farg‘ona shahridagi massajxonada yashab, shu yerda ishlagan N.M. oilaviy sharoiti yomon ekani uchun qizini sotib, Uchko‘prik tumanidagi ko‘p qavatli uydan kvartira sotib olmoqchi bo‘lganini bildirgan.

Sudda N.M.ning yolg‘iz onaligi, qornida 12 haftalik homilasi borligini, oilada yagona boquvchi ekani, qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymonligini hisobga olib, u ayblanayotgan modda sanksiyasida nazarda tutilmagan ozodlikdan cheklash jazosi tayinlashni lozim topdi.

Sud N.M.ga nisbatan, Jinoyat kodeksining 135-moddasi 3-qismining “a” bandi (18 yoshga to‘lmagani aybdorga ayon bo‘lgan shaxsga nisbatan odam savdosi) bilan aybdor deb topilgan bo‘lsa-da, 5 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosini tayinladi.

Bu modda bo‘yicha aybdor 8 yildan 12 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.