IIV YHXBB endilikda yo‘l-patrul xizmati xodimlari dislokatsiyasi tushunchasidan voz kechadi, deya ma’lum qildi O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Farg‘onada bo‘lib o‘tgan IIV hay’ati yig‘ilishida.

“Barcha yo‘l-patrul xizmati xodimlari uchun mahallalarni qamrab oluvchi javobgarlik hududi belgilab qo‘yiladi”, — dedi u.

Ma’lumki, hozirda YPX inspektorlari asosan chorrahalarda va yo‘l harakati qoidabuzarliklari tez-tez sodir bo‘ladigan joylarda navbatchilik qiladi. “Gazeta.uz” muxbirlari bilan suhbatda ular Toshkentda e’tibor radiusi 50 metrni tashkil etishini ma’lum qilishdi.

Va’dalarga qaramay, mamlakatda ko‘p yillardan buyon ko‘chalarda patrullik qilish hamda ko‘p sonli qoidabuzarliklarni foto va videoga olish amaliyoti tatbiq etilayotgani yo‘q. Oqibatda YPX xodimlari navbatchilik qilayotgan joydan 100 metr masofada o‘nlab qoidabuzarliklar kuzatilishi mumkin, buning uchun esa hech kim javobgar emas.

Prezident endilikda “Yo‘l harakati xavfsizligi — jamoatchilik nazoratida” tamoyili asosida yiliga kamida ikki marta ijtimoiy so‘rov o‘tkazish yo‘lga qo‘yilishini ta’kidladi.

Shavkat Mirziyoyev, shuningdek, eng xavfli yo‘l va chorrahalar xaritasi shakllantirilib, ularni tartibga solish uchun nechta svetofor yoki qancha uzunlikdagi yo‘l to‘siqlari kerakligi, qaysi hududlarga yer usti va yer osti piyoda yo‘laklari zarurligini ta’kidlab, mas’ul shaxslar va barcha viloyatlar hokimlariga bir oy muddatda maslahatchilarni jalb etish, eng xavfli ko‘cha va chorrahalarni obodonlashtirish bo‘yicha loyihalarni boshlash bo‘yicha topshiriq berdi.

Bundan tashqari, harakat xavfsizligi uchun jiddiy xavf tug‘dirayotgan “yama” va “garmoshkalar”ni ta’mirlash uchun qancha mablag‘ zarur, degan savollarga aniq hisob-kitoblarini berish topshirildi.