Qashqadaryo viloyati Nishon tumanidagi Tolimarjon issiqlik elektr stansiyasida ikkita yangi bug‘-gaz qurilmalari qurilishi boshlandi, deb xabar qildi O‘zbekiston Energetika vazirligi matbuot xizmati.

Loyihaning bosh pudratchilari INTECSA Ingeniera Industrial (Ispaniya) va Mitsubishi Corporation (Yaponiya) bo‘ladi, ular bilan IES 2022-yil noyabr oyida shartnoma imzolagan.

Loyiha qiymati 771,8 million dollarga baholanmoqda. Yangi quvvat bloklarining umumiy quvvati 1065 MVtni tashkil qiladi (ilgari u kamida 900 MVt bo‘lishi xabar qilingandi). Qurilishni 2025-yil oxirigacha yakunlash va ishga tushirish rejalashtirilgan.

energobloklar, иэс

Yangi energobloklar yiliga 8,5 milliard kVt/soatgacha elektr energiyasi ishlab chiqaradi va Samarqand va Buxoro viloyatlari iste’molchilarini, shuningdek, Qarshi magistral kanalidagi nasos stansiyalarini elektr energiyasi bilan ta’minlaydi, deyiladi xabarda. Bundan tashqari, yangi qurilmalar 600 million kub metrgacha tabiiy gazni tejash va atmosfera chiqindilarini yiliga 1500 tonnaga kamaytirish imkonini beradi.

Iyul oyi boshida “Issiqlik elektr stansiyalari” rahbari Bahodir Jo‘rayevga Tolimarjon IESda investitsiyalarni jalb qilish va ularni o‘zlashtirishda sustkashlikka yo‘l qo‘yilgani uchun prezident tomonidan hayfsan berilgandi.

O‘tgan yilning sentabr oyida O‘zbekiston va BAAning Mubadala va TAQA o‘rtasida Tolimarjon IESni boshqaradigan qo‘shma korxona tashkil etish to‘g‘risida shartnoma imzolangandi. Investitsiyalarning umumiy hajmi $1 mlrd bo‘lib, shundan $700 mln jalb etilgan kreditlarni to‘lashga yo‘naltiriladi.

2016 va 2017-yillarda Tolimarjon IESda umumiy quvvati 900 MVt bo‘lgan ikkita bug‘-gaz qurilmasi ishga tushirilgan. Qurilish ishlari Janubiy Koreyaning Daewoo va Hyundai kompaniyalari tomonidan amalga oshirilgan.