Toshkentning Yashnobod tumanidagi yangi ko‘p qavatli uylardan birida 32 yoshli Olga Leontevaning jasadi topildi. Bu haqda UzAlert qidiruv-qutqaruv otryadi xabar berdi.

Pochtachi ayol 24-iyul kuni manzillarga xatlarni tarqatgandan so‘ng uyiga qaytmagan. 26-iyul kuni UzAlert uning yo‘qolganini e’lon qilgan.

“Videokameralar Olga yangi binolardan liftga kirayotganini qayd etgan. Ma’lum bo‘lishicha, lift eng yuqori qavatda qolib ketgan. Bu uylarda ko‘p odam yashamasligi sababli lift nosozligi bo‘yicha hech kim murojaat qilmagan va Olga ichkarida qolib ketgan. Bugun tunda u topildi”, — deya xabar berdi UzAlert faollari.

Xabarlarga ko‘ra, Leontevadan 6 yoshli bola yetim qoldi.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi ayolning o‘limi holatlari va sabablarini o‘rganayotganini ma’lum qildi.

Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati “Gazeta.uz”ga ularga ushbu hodisa haqida xabar berilmaganini bildirdi. Ta’kidlanishicha, ko‘plab liftlarda mobil aloqa uzilib qolgan, shuning uchun bu vaqtda hech kimga qo‘ng‘iroq qila olmay qolish mumkin.