2023-yilning birinchi yarmida O‘zbekistonga xorijdan qiymati 167 million dollarlik 5403 dona elektromobil olib kirildi, deya xabar bermoqda Statistika agentligi matbuot xizmati.

Bu o‘tgan yilning shu davridagi ko‘rsatkichdan 4,85 baravar, 2022-yildagi jami importdan esa 2,5 barobar ko‘p hisoblanadi. Qiymat jihatidan ko‘rsatkich ham deyarli bir xil o‘sgan.

Spot xabariga ko‘ra, iyun oyidagi import hajmi bilan yil boshidan beri beshinchi marta oylik maksimal ko‘rsatkich yangilangan. O‘tgan oyda 1587 ta elektromobil import qilindi, bu may oyiga nisbatan qariyb 25 foizga ko‘p.

Elektromobillar oltita davlatdan olib kelingan, har to‘qqizinchi avtomobil Xitoydan olib kelingan:

  • Xitoy — 4956;
  • Gonkong — 348;
  • Germaniya — 57;
  • BAA — 16;
  • Koreya — 12;
  • AQSh — 7.

O‘tgan yilning yanvar-iyun oylariga nisbatan Xitoydan xaridlar 5 barobar, Gonkongdan 14 barobar, Germaniyadan 2,1 barobar oshdi. BAAdan import 4,5 barobar kamaydi, uch oydan beri bu mamlakatdan import qilinmayapti.

Elektromobillarni import qilishda aksiz va bojxona to‘lovlari, shuningdek, avtomobil yig‘imlari undirilmaydi. Elektr yoki gibrid transport vositalarida yo‘lovchi tashuvchi taksi haydovchilari 2030-yilgacha litsenziya to‘lovidan ozod qilingan. Quvvatlantirish stansiyalari o‘rnatgan tadbirkorlarga ham yil boshidan buyon imtiyozlar berilgan.