Prezidentning 20-iyuldagi qarori bilan Vazirlar Mahkamasi huzurida davlat muassasasi shaklida Yangi Toshkent shahrini qurish direksiyasi tashkil etildi.

Direksiyaning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:

  • rivojlangan mamlakatlarda muvaffaqiyatli sinovdan o‘tgan tajribalar asosida, yetakchi xorijiy va mahalliy loyiha tashkilotlarini jalb qilgan holda Yangi Toshkent hududini rivojlantirish rejalari (master rejalari), tarmoq rejalari va maqsadli dasturlarini ishlab chiqish va tasdiqlash;
  • Yangi Toshkent shahridagi loyihalarni amalga oshirish yuzasidan investorlar bilan muzokaralar olib borish, potensial investorlarni sarmoyaviy va ijtimoiy majburiyatlar belgilagan holda tanlash va shartnomalar tuzish, shuningdek, ularning bajarilishini nazorat qilish;
  • direksiya tomonidan tasdiqlangan hududda loyiha-qidiruv va qurilish-montaj ishlarini amalga oshirishning muayyan texnik shartlariga rioya etilishi yuzasidan shartnomalar tuzish, shuningdek, ularning bajarilishini nazorat qilish;
  • ijtimoiy obyektlar, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari va yo‘l-transport infratuzilmasini qurish bo‘yicha buyurtmachi vazifasini bajarish;
  • zamonaviy uy-joylar qurishda katta tajribaga ega mahalliy va xorijiy kompaniyalarni jalb etish, ularga zamonaviy usullar, energiya tejovchi texnologiyalar va qurilish materiallarini qo‘llash bo‘yicha majburiy ko‘rsatmalar berish;
  • qurilayotgan muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari va yo‘l-transport infratuzilmasining yagona operatori sifatida faoliyat yuritish va iste’molchilar bilan xizmatlar ko‘rsatish bo‘yicha shartnomalar tuzish;
  • qurilishga potensial investorlarni, jumladan, xorijiy investorlarni jalb qilish maqsadida mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari hamda internet tarmog‘ida taqdimot va keng ko‘lamli reklama kampaniyasini o‘tkazish.

Direksiyaga hududlarni rivojlantirishni rejalashtirish hujjatlariga qo‘yiladigan talablarni, bu uchastkalarni sotishda yer uchastkalarida qurilayotgan obyektlarga qo‘yiladigan talablarni, kommunal xo‘jalik yuritish, investitsiya faoliyati, marketing xizmatlarini ko‘rsatish, baholash, geologik qidiruv, topografik suratga olish, binolar va inshootlarning texnik holatini o‘rganish bo‘yicha talablarni mustaqil belgilash va tasdiqlash huquqi berildi.

Shuningdek, organ davlat hamkori sifatida davlat-xususiy sheriklik shartnomalari talablarini belgilashi va hukumat bilan kelishilgan holda Yangi Toshkent shahridagi iste’molchilarga ko‘rsatilayotgan kommunal xizmatlar tariflarini belgilashi mumkin bo‘ladi.

Direksiya, shuningdek, uchuvchisiz uchish apparatlarini sotib olish, import qilish va ulardan foydalanish huquqini oldi.

Direksiya direktori qurilish va uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirining o‘rinbosari (yangi lavozim) bo‘ladi. U prezident tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod qilinadi.

Bundan tashqari, bosh vazir Abdulla Aripov (Toshkent hokimi Shavkat Umurzoqov — rais o‘rinbosari) boshchiligidagi 24 nafar mansabdor shaxsdan iborat Yangi Toshkent qurilishi bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi kengash tuzilmoqda.

Kengash vazirlik va idoralar, mahalliy hokimliklar, xo‘jalik birlashmalari, banklar va direksiyalarning ishini muvofiqlashtiradi va vazifalarini belgilaydi, investorlarning loyiha takliflarini ko‘rib chiqadi va Yangi Toshkent bosh rejasini tasdiqlaydi hamda unga o‘zgartirishlar kiritadi, shuningdek yer uchastkalarini bosqichma-bosqich o‘zlashtirish masalalarini ko‘rib chiqadi va kim oshdi savdosiga qo‘yiladigan yer uchastkalarining dastlabki qiymatini belgilaydi.

Shuningdek, organ to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar tuzish orqali loyiha-pudrat tashkilotlari va boshqa mutaxassislarni jalb qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Prezident “Mahalla” xayriya jamoat fondiga 1-sentabrga qadar 50 million dollar ekvivalentidagi beg‘araz mablag‘ni Toshkent shahar hokimligi bilan birgalikda “Mahalla” jamg‘armasi hisobida to‘plangan homiylik mablag‘lari hisobidan direksiya faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun ajratishga topshiriq bergan. Jamg‘arma nodavlat notijorat tashkiloti bo‘lib, uning asosiy maqsadi fuqarolar yig‘inlari va aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlami faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirishdan iborat.

Shuningdek, direksiya hisobiga yer uchastkalarini kim oshdi savdosi orqali sotish yoki ijaraga berishdan tushgan mablag‘lar, obyektlar qiymatidan ajratmalar, shu jumladan, qurilish ishlari uchun investorlardan ajratmalar, DXSH loyihalarini amalga oshirishdan olingan daromadlar, yuridik va jismoniy shaxslarning, shu jumladan norezidentlarning xayriyalari, grantlar va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa mablag‘lar kelib tushadi.

Hisobdagi mablag‘lar ijtimoiy ahamiyatga ega obyektlarni loyihalash va qurish, infratuzilma obyektlari, Yangi Toshkent qurilishi ishlari, xodimlarning ish haqi, direksiya binolarini ta’mirlash bilan bog‘liq ishlarni moliyalashtirishga yo‘naltiriladi.

Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligiga 2024-yil 1-aprelga qadar yo‘llar, ichimlik suvi tarmoqlari, kanalizatsiya, elektr energiyasi, tabiiy gaz va kommunikatsiyalarni qurish uchun DXSH asosida xalqaro kreditlar va investorlar mablag‘larini jalb qilish topshirildi.

Yangi Toshkent massividagi ijtimoiy obyektlar qurilishi uchun respublika budjetidan mablag‘ ajratish rejalashtirilmoqda.

Qarorga ko‘ra, direksiya, investorlar, bosh loyiha va bosh pudratchi tashkilotlar Yangi Toshkent qurilishi doirasida 2027-yil 1-yanvarga qadar O‘zbekiston hududida ishlab chiqarilmaydigan mashinalar, uskunalar, butlovchi qismlar va ehtiyot qismlarni olib kirishda bojxona to‘lovlarini to‘lashdan ozod etildi.

“Gazeta.uz” avvalroq poytaxtdan sharqda, Chirchiq va Qorasuv daryolari oralig‘ida Yangi Toshkent aqlli shahri qurilishini o‘z ichiga olgan Toshkent bosh rejasi loyihasi haqida batafsil ma’lumot bergandi. U 20 ming gektar maydonni egallaydi va 500 ming kishiga mo‘ljallangan. Lekin 2045-yilga kelib bor-yo‘g‘i 6 ming gektar maydonni o‘zlashtirish rejalashtirilgan. Bu hisob-kitoblar asosida qurilish va rivojlantirishning istiqbolli hududlari, shuningdek, poytaxtni yangi shahar bilan bog‘lovchi asosiy yo‘llarning sxemalari ishlab chiqildi. Prezident 18-mart kuni Yangi Toshkent qurilishini boshlab bergandi.