O‘zbekiston Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi Ukraina Qurolli kuchlari Bosh shtabining Donetsk viloyatining bosib olingan Gorlovka shahridagi Rossiya armiyasi safida O‘zbekiston fuqarolari aniqlangani haqidagi xabariga munosabat bildirdi. Ukraina tomoniga ko‘ra, o‘zbekistonliklar Mariupolga qurilish ishlari uchun kelgan, biroq ularning pasportlari olib qo‘yilgan va ko‘ngilli sifatida safarbar qilingan.

Agentlik Rossiyada vaqtincha ishlayotgan O‘zbekiston fuqarolarini urush hududlariga ishlash uchun bormaslik, harbiy harakatlarda qatnashmaslikka chaqirdi.

Agentlikning eslatishicha, Jinoyat kodeksining 154−1-moddasiga ko‘ra, O‘zbekiston fuqarosining chet davlatlarning harbiy xizmatiga, xavfsizlik, politsiya, harbiy adliya organlari yoki shunga o‘xshash boshqa organlariga xizmatga kirishi BHMning 300 baravarigacha miqdorda jarima (9,9 million so‘m) yoki 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.

Bir kun avval Ukraina elchixonasi O‘zbekiston fuqarolarini Rossiyaning bu davlatga qarshi urushida qatnashmaslikka va Ukrainaning vaqtincha bosib olingan hududlariga bormaslikka chaqirgan edi. Bunday fuqarolar “bosqinchilarning sheriklari sifatida ko‘rib chiqiladi va javobgarlikka tortiladi”, — deyilgan xabarda.

O‘z navbatida, O‘zbekistonning Kiyevdagi elchixonasi Ukraina Qurolli kuchlari Bosh shtabi tomonidan Gorlovkada O‘zbekiston fuqarolari aniqlangani haqidagi ma’lumot tasdiqlansa, “fuqarolar manfaatlarini himoya qilish uchun barcha zarur choralar ko‘rilishini” ma’lum qilgan.