20-avgust — Tadbirkor kuni munosabati bilan O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va tadbirkorlar o‘rtasida uchinchi ochiq muloqot o‘tkazilishi rejalashtirilgan, deb xabar qildi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati. Uchrashuv sanasi hozircha aniq emas.

Vazirlik Savdo-sanoat palatasi va biznes-ombudsman bilan birgalikda davlat rahbari nomiga murojaatlar qabul qilishni boshladi.

Tadbirkorlik vakillari o‘z faoliyatiga oid muammo va takliflarni 1094 va 1100 qisqa raqamlariga, shuningdek, business.gov.uz portali orqali yuborishlari mumkin.

Prezident 2021-yil 20-avgust kuni ilk bor tadbirkorlar bilan ochiq muloqot formatida uchrashuv o‘tkazgandi. O‘shanda 15 mingdan ortiq savol va takliflar kelib tushgan. Ular yetti yo‘nalish bo‘yicha tizimlashtirilgan, shundan so‘ng aniqlangan muammolarni bartaraf etish bo‘yicha prezidentning qator qarorlari qabul qilingan.

Shavkat Mirziyoyev o‘sha yig‘ilishda bunday tadbirni har yili o‘tkazib, 20-avgustni Tadbirkorlar kuni deb e’lon qilishni taklif qilgandi.

Ikkinchi yig‘ilish o‘tgan yilning 22-avgustida bo‘lib o‘tgan, unda prezident QQSni 12 foizgacha kamaytirishni ma’lum qilgandi.