Samarqand viloyatida 45 yashar erkak 1,5 yil davomida 10 yoshli jiyaniga uyatsiz hatti-harakatlar qilib kelgan. Bu haqda “Sukut saqlama” loyihasi o‘z manbalariga tayanib xabar berdi.

Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsiddinovning “Gazeta.uz”ga ma’lum qilishicha, 1978-yilda tug‘ilgan T. N. voyaga yetmagan qarindoshi 10 yashar U.N.ga uyatsiz buzuq harakatlar sodir etgan. Holat yuzasidan 2023-yil 12-iyul kuni T.N.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 129-moddasi 3-qismi (O‘n olti yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Jinoyat ishi 2023-yil 22-iyul kuni Jinoyat kodeksining 129-moddasi 3-qismidan JKning 119-moddasi 4-qismi (Jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib g‘ayritabiiy usulda qondirish)ga qayta malakalangan. Hozirgi kunda jinoyat ishi bo‘yicha tergov harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq Toshkent viloyatining Olmaliq tumanida 39 yoshli erkak yosh bolalarni axloqsiz harakatlar qilishga majburagani aks etgan video tarqalib, u ushlangani haqida xabar berilgan edi. Bosh prokuratura axborot xizmatining ma’lum qilishicha, 39 yashar erkakka nisbatan Jinoyat kodeksining 129-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.