Ukrainaning Donetsk viloyatida ishg‘ol ostidagi Gorlovka shahridagi Rossiya armiyasi bo‘linmalarida O‘zbekiston fuqarolari aniqlandi. Bu haqda Ukraina Qurolli kuchlari Bosh shtabi hisobotida aytiladi.

“Ushbu shaxslar Mariupolga qurilish ishlarini olib borish uchun kelgan. Yetib kelgach, ularning pasportlari olib qo‘yilib, ko‘ngilli sifatida ishg‘olchi kuchlar safiga safarbar qilingan”, — deyiladi xabarda.

“Gazeta.uz” ushbu xabar yuzasidan O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligiga so‘rov yubordi. Vazirlikdagi manbaning aytishicha, TIV xabarni tekshirishni boshlagan.

Mart oyida O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmati Qoraqalpog‘istonning Ellikqal’a tumanida yashovchi, Rossiyada qamoq muddatini o‘tagan fuqaro Ukrainada vafot etgani haqida xabar bergan edi. Ma’lum qilinishicha, u Ukrainaga qurilish ishlari uchun jo‘natilgan va u turgan joyga snaryad kelib tushgan.

May oyi oxirida ham DXX Rossiya qamoqxonasidan Ukrainadagi urushga safarbar qilingan O‘zbekiston fuqarosi vafot etganini ma’lum qilgandi. Onasining ta’kidlashicha, u ilgari hech qachon qurol tutmagan. “Ona, men ularga odamlarni o‘ldirmasligimni, u yerga bormasligimni aytdim, lekin baribir ular meni majburlashdi”, — degan u o‘g‘li bilan oxirgi suhbatida.

Iyun oyida BBC rus xizmati Rossiya qamoqxonalaridagi Markaziy Osiyo fuqarolarining Ukrainadagi urushga yollangani bo‘yicha surishtiruvi e’lon qilgan edi. Sayt ma’lumotlariga ko‘ra, bunday yollanganlar orasida kamida 93 kishi halok bo‘lgan, ulardan 34 nafari o‘zbekistonlikdir.