Qozog‘iston 2034-yilgi jahon chempionatini O‘zbekiston bilan birgalikda o‘tkazishni rejalashtirmayapti. Bu haqda Qozog‘iston Madaniyat va sport vazirligi ma’lum qildi, deb yozdi Tengrinews.kz.

“Madaniyat va sport ishlari vazirligi Qozog‘iston futbolini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratib, bu yo‘nalishda har tomonlama qo‘llab-quvvatlamoqda. Ammo shuni ta’kidlaymizki, Qozog‘istonda jahon chempionatini o‘tkazish masalasi ko‘rib chiqilmayapti, shu sababli mamlakatimiz chempionat uchun ariza topshirishni rejalashtirmayapti”, — deyiladi vazirlik xabarida.

Avvalroq “Championat.asia” Qozog‘iston futbol federatsiyasi rahbari Adlet Barmenqulov Qozog‘iston va O‘zbekistonni 2034-yilda bo‘lib o‘tadigan jahon chempionatini birgalikda o‘tkazish uchun ariza topshirishni taklif qilgani haqida xabar bergan edi.

Bu haqda Qirg‘izistonda bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyodagi turkiy tilli davlatlar futbol assotsiasiyalari mutasaddilarining har ikki federatsiya rahbariyati, jumladan, O‘zbekiston futbol assotsiasiyasi birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov ham ishtirok etgan yig‘ilishida ma’lum qilingan.