Jizzax viloyatida 541 ta baliqni noqonuniy ovlagan fuqaro tabiatga 178,5 million so‘mlik zarar yetkazdi. Bu haqda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi axborot xizmati ma’lum qildi.

Ta’kidlanishicha, vazirlikning Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi bo‘limi davlat inspektorlari hamda Jizzax viloyati prokuraturasi xodimlari hamkorligida nazorat reyd tadbiri o‘tkazilgan.

Foto: Ekologiya vazirligi

Reyd davomida ko‘llar tizimining Arnasoy bo‘limi hududida Toshkent viloyati Chinoz tumanida yashovchi fuqaro T.B. tomonidan noqonuniy baliq ovlangani aniqlangan. Fuqaro boshqaruvidagi avtotransport vositasida ovlash taqiqlangan kichik o‘lchamdagi jami 541 ta (113,5 kg) oqsila, ya’ni sudak baliqlari topilgan.

O‘rganish natijasida hayvonot dunyosiga jami 178 million 530 ming so‘m zarar keltirilgani aniqlangan. Holat yuzasidan to‘plangan hujjatlar prokuratura organlariga taqdim etish uchun tayyorlanmoqda.