19-iyul kuni soat 17:00 atrofida Toshkent shahrining Yakkasaroy tumanida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasi oqibatida bir kishi halok bo‘ldi, deya xabar bermoqda Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati.

Tumanning Bobur ko‘chasida haydovchi A.D. Yutong avtobusini boshqarib ketayotib yo‘lning belgilanmagan qismidan kesib o‘tayotgan piyoda — 51 yoshli G‘.K.ni urib yuborgan. YTH oqibatida piyoda olgan tan jarohatlari bilan tibbiy muassasaga olib borilgan.

Biroq tibbiyot xodimlarining sa’y-harakatlariga qaramasdan u vafot etgan.

Holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov davom etmoqda.