Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati jaziramadan saqlanish bo‘yicha tavsiyalarni e’lon qildi. Ma’lumotlar Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining Yevropa mintaqaviy byurosiga tegishli.

Tahlillarga ko‘ra, o‘tgan yili kuzatilgan anomal issiq harorat Yevropada 60 000 nafardan ortiq odamning hayotiga zomin bo‘lgan. Bu — avval prognoz qilinganidan uch barobar ko‘p ko‘rsatkich. Xavotirli jihati, sayyoramizda global isish jarayoni davom etar ekan, mazkur raqamlar yildan yilga ortishi mumkin.

Anomal harorat kuzatilayotgan davrda issiq o‘lkalarga sayohat qilmoqchi bo‘lganlar avval ob-havo prognozidan xabardor bo‘lishi kerak. Shunga qarab ehtiyot choralarini ko‘rgan holda yo‘lga chiqish zarur.

Jaziramada doim odam o‘zi bilan yaxna suv olib yurishi kerak. Qolaversa, ko‘proq meva, sabzavotlar iste’mol qilish, juda achchiq va yog‘li ovqatlardan tiyilish kerak. Bu haqda avvalroq “Gazeta.uz”da O‘zgidromet xizmati agentligi bergan tavsiyalar e’lon qilingandi.

Zarurat bo‘lmasa, harorat yuqori soatlarda ko‘chaga chiqmaslik va og‘ir jismoniy ishlar bilan shug‘ullanmaslik tavsiya qilinadi.

Bunday vaziyatda transport vositalarida bolalar va hayvonlarni qoldirish to‘g‘ri emas. Iloji bo‘lsa, kunduzi kamida ikki-uch soat davomida salqin joyda vaqt o‘tkazgan ma’qul.

Tunda xona derazalarini ochish, kunduzi oftob nurini qaytarish uchun xonalarga pardalar tutish va jazirama kunlarda imkon qadar o‘zidan issiq chiqaruvchi elektr moslamalaridan kamroq foydalanish maqsadga muvofiq. Organizmning suvsizlanishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun kuniga yetarli miqdorda suyuqlik iste’mol qilish juda muhim. Mutaxassislar, shuningdek, yengil, tabiiy matodan tikilgan va keng liboslar kiyishni, imkon qadar tez-tez salqin dush yoki vanna qabul qilishni, shakarli, alkogolli yoki kofeinli ichimliklardan voz kechishni tavsiya qiladi, deyiladi xabarda.

Shuningdek, tashkilot ko‘p vaqtini yolg‘iz o‘tkazadigan yaqinlar, do‘stlar va qo‘shnilar sog‘lig‘idan muntazam xabardor bo‘lishni yoddan chiqarmaclikka chaqirdi. Chunki issiq kunlarda zaif odamlar yordamga muhtoj bo‘lishi mumkin.

Anomal harorat ta’sirida odamda bosh aylanishi, ko‘ngil aynishi, holsizlik, bosh og‘rig‘i kabi alomatlar kuzatilsa, shifokorga uchrashish zarur. Agar atrofdagilarda oftob tig‘i tufayli noodatiy belgilar, masalan, xushni yo‘qotish, talvasa, aqldan ozish kabi simptomlar yuzaga kelsa, darhol tez tibbiy yordamga murojaat qilish kerak.