Soliq kodeksiga O‘zbekistonda professional futbol klublarini ijtimoiy soliqdan boshqa barcha soliqlarni to‘lashdan ozod etishni nazarda tutuvchi qo‘shimcha kiritildi. Kodeksning 483-moddasiga qo‘shimcha kiritish bo‘yicha qonun 18-iyul kuni prezident tomonidan imzolandi, deya xabar bermoqda Adliya vazirligining “Huquqiy axborot” Telegram kanali.

Hujjatga ko‘ra, 2026-yil 1-yanvargacha O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi, uning hududiy bo‘linmalari, “O‘zbekiston Professional futbol ligasi” jamoat birlashmasi, O‘zbekiston futbol hakamlari markazi va professional futbol klublari quyidagi soliqlarni to‘lashdan ozod etiladi:

  • barcha turdagi soliqlarni (bundan ijtimoiy soliq mustasno);
  • o‘zi jalb qilgan chet el mutaxassislari va futbolchilarining daromadlaridan to‘lanadigan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ini;
  • O‘zbekistonga olib kiriladigan, O‘zbekistonda o‘xshashi ishlab chiqarilmaydigan sport asbob-uskunalari va inventari, translyatsiya qilish uchun zarur bo‘lgan asbob-uskunalar, inventar va texnika, farmakologiya tovarlari, sport oziq-ovqatlari, futbol (futzal) maydonlari uchun sun’iy o‘tlar, shokpad, granulalar, maxsus yelimlar va maxsus professional sport kiyim-boshlari, transport vositalari, shu jumladan, maxsus transport vositalari uchun qo‘shilgan qiymat solig‘ini.

Avvalroq Senatning 41-yalpi majlisida professional futbol klublarini ijtimoiy soliqdan boshqa barcha soliqlardan ozod etishni nazarda tutuvchi qonun ma’qullangani xabar qilingandi.