17-iyul kuni Ostona shahrida O‘zbekiston va Qozog‘iston bosh vazirlari o‘rinbosarlari Jamshid Xodjayev va Serik Jumangarin qo‘shma ishchi guruh yig‘ilishini o‘tkazdi. Tomonlar ikki davlat prezidentlarining 2022-yil dekabr oyida bo‘lib o‘tgan muzokaralari yakunlari bo‘yicha amalga oshirilishi rejalashtirilgan qo‘shma loyihalar, investitsiya shartnomalari va savdo shartnomalari ijrosini ko‘rib chiqdi.

Qozog‘iston hukumati matbuot xizmati xabariga ko‘ra, tomonlar iqtisodiyotning turli sohalarida yirik loyihalarni rejalashtirgan. Xususan, Qarag‘anda viloyatida Artel maishiy texnikalarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish loyihasi amalga oshirilmoqda. Loyiha bir necha bosqichlarga bo‘lingan va 2025-yilda ishga tushirilishi kerak. Artel brendi ostida oshxona pechlari, changyutgichlar, televizorlar, mini pechlar, kir yuvish mashinalari ishlab chiqarish rejalashtirilgan.

Qozog‘iston bu sohadagi rivojlanish potensialini 8,95 milliard dollarga baholamoqda, shundan 7,97 milliard dollari eksportga to‘g‘ri keladi. Loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish allaqachon yakunlangan, qurilish-montaj ishlari olib borilmoqda, jihozlarning 10 foizga yaqini yetkazib berilgan.

Chimkent va Turkiston viloyatlarida to‘qimachilik komplekslarini yaratish bo‘yicha loyihalar amalga oshirilmoqda. Aprelda tomonlar Zhanassyl zavodida o‘zbek chigit navlarini tajriba sifatida ekish va qayta ishlash bo‘yicha kelishib oldi. Hozirda viloyatda 30 gektar maydonga “Namangan-77” urug‘i sepilgan.

Yirik infratuzilma loyihalari bilan bir qatorda, tomonlar agrosanoat majmuasidagi loyihalar bo‘yicha ham hamkorlik qilmoqda. Bularga meva va rezavor ekinlarni qayta ishlash zavodi, kungaboqar yog‘ini qayta ishlash zavodi, 20 ming bosh qoramolga mo‘ljallangan boquv maydoni va go‘shtni qayta ishlash majmuasi qurilishi va boshqalar kiradi.

Uchrashuv ishtirokchilari chegara punktlarining o‘tkazish qobiliyatini oshirish, Qozog‘iston ko‘mirini O‘zbekistonga tashish tariflarini oshirish, “Xitoy-Qozog‘iston-O‘zbekiston-Turkmaniston-Eron” multimodal transport yo‘nalishini faollashtirish imkoniyatlarini muhokama qildi.

2025-yilga borib, O‘zbekistonda ishlab chiqarishning qisqarishi va issiqxonalar, sement va g‘isht zavodlari, bolalar bog‘chalari, maktablar va shifoxonalar ko‘mir yoqilg‘isiga o‘tkazilishi fonida Qozog‘iston energetik ko‘mirining O‘zbekistonga eksportini yiliga 0,5 million tonnadan 12,8 million tonnagacha oshirish rejalashtirilgan.

Shuningdek, Qozog‘iston un mahsulotlarining O‘zbekiston hududi orqali tranziti uchun tariflarni pasaytirish imkoniyatlari ham muhokama qilindi. Qozog‘istondan O‘zbekiston hududi orqali Afg‘onistonga un eksporti hajmi 2017-yilda tarixiy maksimal daraja — 1,209 million tonnaga yetdi. Keyingi yillarda bu ko‘rsatkich sezilarli darajada kamaydi: 2021-yilda — 536 ming tonna, 2022-yilda — 816 ming tonna, 2023-yilning olti oyida — 275 ming tonna.

Afg‘oniston O‘zbekiston uchun yirik un bozori hisoblanadi. 2020-yilda O‘zbekiston tomoni bu mamlakatga 217,5 million dollarlik un eksport qildi, bu esa Afg‘onistonga umumiy eksportning 28 foizini tashkil etdi. O‘tgan yili O‘zbekiston 357,7 million dollarlik don va un mahsulotlari eksport qildi buning asosiy qismi Afg‘oniston bozoriga to‘g‘ri keldi.

Qozog‘iston tomoni O‘zbekiston hududi orqali Afg‘onistonga temir yo‘l orqali tranzit tashishda bazaviy tarifga tarif imtiyozlarini berish imkoniyatini ko‘rib chiqish iltimosi bilan O‘zbekiston tomoniga murojaat qildi. Yig‘ilish ishtirokchilari temir yo‘l tashuvlari uchun qulay tarif shartlarini muhokama qilish va aniq takliflar ishlab chiqish uchun ekspert ishchi guruhi tuzishga kelishib oldilar.

Avval xabar berganimizdek, UzAuto Motors 2024-yilning birinchi choragida Qozog‘istonda Chevrolet Onix avtomobillarini kichik uzelli yig‘ishni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda. Ushbu modelni yirik uzelli yig‘ish ishlari joriy yilning may oyidan boshlangan.