18-iyul kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahri Shayxontohur tumani sudi mansabdor shaxslarga nisbatan kompromatlar e’lon qilingan yoki ochiqlanishi mumkinligi haqida xabar berib kelgan Kompromatuzb Telegram kanaliga aloqadorligi aytilayotgan jurnalistlarga nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqishni boshladi.

Kun.uz xabariga ko‘ra, sudya Tolibjon Obidov sudlanuvchilarning iltimosiga ko‘ra jarayonni yopiq tarzda ko‘rishga qaror qilgan.

11-iyul kuni “Gazeta.uz” ish yopiq tarzda ko‘rilishi mumkinligini o‘z manbasi orqali aniqlagandi.

18 yoshga to‘lmagan shaxslarning jinoyatlari to‘g‘risidagi ishlar, shuningdek, fuqarolarning shaxsiy hayoti to‘g‘risidagi ma’lumotlar yoki ularning sha’ni va qadr-qimmatini kamsituvchi ma’lumotlar oshkor etilishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida, shuningdek, boshqa ishlar yopiq eshiklar ortida ko‘rib chiqilishi mumkin. Bunda jabrlanuvchining, guvohning yoki ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarning, shuningdek, ularning oila a’zolari yoki yaqin qarindoshlarining xavfsizligini ta’minlash talab etiladi.

Avval xabar berganimizdek, ish bo‘yicha sudlanuvchilar jurnalist va Human.uz sayti direktori Xurshid Daliyev, Bandlik va kambag‘allikni qisqartirish vazirligining sobiq matbuot kotibi Mavjuda Mirzayeva, “O‘zbekneftgaz” AJ matbuot kotibi Siyovush Hoshimovlar hisoblanadi. Shuningdek, ushbu ishga fuqaro Ahmadullo Ahmadjonovning ham aloqasi borligi aytilmoqda.

Ayblov xulosasiga ko‘ra, ushbu ishda 19 nafar jabrlanuvchi va 10 nafar fuqaroviy da’vogar ishtirok etib, 5 mlrd 140 mln so‘mlik zarar yetkazilgan. Ular orasida sobiq bandlik va mehnat munosabatlari vaziri hamda bandlik va kambag‘allikni qisqartirish vazirining sobiq birinchi o‘rinbosari Nozim Xusanov (aprel oyida lavozimidan ketgan), mart oyida hibsga olingan Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi sobiq direktori Afzal Ermatov, Davlat veterinariya va chorvachilik qo‘mitasi huzuridagi “O‘zbekchorvanasl” agentligi bosh direktori Baxtiyor Otamurodov, Samarqand viloyati hokimi matbuot kotibi Manuchehr Mirzayev, Buxoro muhandislik-texnologiya instituti ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Mirzo Sharipov, CIBGROUP kompaniyasi direktorlari Uyg‘un Tursunxo‘jayev va boshqalar bor.