Nashida ortidan qamalgan 20 yoshli Jahongir Ulug‘murodovga nisbatan chiqarilgan sud hukmi o‘zgarishsiz qoldirildi, deya xabar qilmoqda Oliy sud matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, Toshkent viloyat sudida Jahongir Ulug‘murodov (2002-yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan) ga oid jinoyat ishi uning himoyachilari tomonidan jinoyat ishlari bo‘yicha Oqqo‘rg‘on tuman sudining 2023-yil 8-maydagi hukmi ustidan berilgan apellyatsiya shikoyatlariga asosan apellyatsiya tartibida ko‘rib chiqish bo‘yicha ochiq sud jarayoni yakunlandi.

Jinoyat ishi Toshkent viloyat sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati sudyasi S.Ashirmatov raisligida hamda sudyalar H.Berdiqlichev va X.Usmonovdan iborat sud tarkibida ko‘rib chiqildi. Toshkent viloyat sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasining 2023-yil 17-iyuldagi ajrimi bilan birinchi instansiya sudining Jahongir Ulug‘murodovga nisbatan chiqarilgan hukmi o‘zgarishsiz, shikoyatlar esa qanoatlantirilmasdan qoldirildi.

Ushbu ajrim ustidan Oliy sudining Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atiga kassatsiya tartibida shikoyat berilishi yoki protest bildirilishi mumkinligi ma’lum qilgan.

Eslatib o‘tamiz, YouTube`dagi nashidani Telegram guruhga yuborgan 21 yoshli Jahongir Ulug‘murodovning 3 yilga qamalgani ijtimoiy tarmoqlarda turli muhokamalarga sabab bo‘lgandi. Keyinchalik Toshkent viloyati Ichki ishlar bosh boshqarmasi “tergov idoralari uning harakatlarini to‘g‘ri malakalagan”, deya xabar berdi. Shuningdek, yigitning onasi Gulchehra Umarova o‘g‘li bilan bog‘liq vaziyat yuzasidan O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Oliy sudga videomurojaat yo‘lladi.

Oliy sud matbuot xizmatining xabar berishicha, ish hujjatlariga ko‘ra Jahongir Ulug‘murodovga tegishli bo‘lgan iPhone X smartfoni xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilgan vaqtda uning foydalanuvida bo‘lgan telefon raqamiga ochilgan Telegram profili yordamida o‘zbek tilidagi “Shahid bo‘lib ketsak, rozi bo‘lingiz” nomli jihod va hijratga da’vat qiluvchi diniy mazmundagi nashidalarni 10 nafar a’zosi bo‘lgan “Alhamdulillah” nomli guruhga tarqatgani aniqlangan.

Shu sababli yigitga tegishli mobil aloqa vositasi ashyoviy dalil sifatida hujjatlashtirilib olingan. Jinoyat ishlari bo‘yicha Oqqo‘rg‘on tumani sudining 8-maydagi hukmiga ko‘ra Jahongir Ulug‘murodov (2002-yilda tug‘ilgan, ma’lumoti — tugallanmagan oliy)ga Jinoyat kodeksining 244−1-moddasi (Jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish) 3-qismi “g” bandi bilan Jinoyat kodeksining 57-moddasi (Yengilroq jazo tayinlash)ni qo‘llab, 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.