Eron “axloq politsiyasi” 16-iyul kuni mamlakatda majburiy hijob o‘rash qoidalariga rioya etilishini nazorat qilish uchun piyoda va avtomobil patrullarini tikladi, deb xabar berdi Al Jazeera.

Politsiya birinchi navbatda kiyinish qoidalariga rioya qilmagan ayollarga hijobni to‘g‘ri o‘rash yoki qanday kiyimlarni kiyish bo‘yicha ogohlantirishlar beradi. “Ushbu me’yorlarni buzmoqchi bo‘lganlar” hibsga olinishi va “qayta tarbiya markazlari”ga olib ketilishi mumkin.

O‘tgan yili mamlakat bo‘ylab keng ko‘lamli namoyishlardan so‘ng “axloq politsiyasi” Eron ko‘chalarida patrullik qilishni to‘xtatgandi. Bunga 22 yoshli Mahsa Aminiyning o‘limi sabab bo‘lgan — u hijobni talab etilganidek o‘ramagani uchun hibsga olinganidan ko‘p o‘tmay vafot etgan. Namoyishchilar gender tengligi, keng qamrovli islohotlar va rejim o‘zgarishini talab qilgan. Ayollar norozilik sifatida hijoblarini yoqib, sochlarini kesgan.

Eron hukumati norozilik namoyishlarini shafqatsizlarcha bostirgan, BMT ma’lumotlariga ko‘ra, ularda qatnashgani uchun 20 mingga yaqin odam hibsga olingan. Mamlakatda 2022-yilda qatl etilganlar soni 2021-yilga nisbatan 75 foizga oshgan — jami 582 kishi qatl etilgan.

Hijob o‘rash Eronda 1983-yilda Islom inqilobidan to‘rt yil o‘tib, mamlakatda monarxiya ag‘darib, Islom respublikasi e’lon qilinganidan keyin barcha ayollar uchun majburiy bo‘lgan. Eronning amaldagi Jinoyat kodeksiga ko‘ra, jamoat joylarida hijobsiz ko‘rinish bergan ayollar 10 kundan 2 oygacha qamoq jazosiga hukm qilinishi yoki jarimaga tortilishi mumkin.