Namanganda nashida va boshqa aqidaparastlik g‘oyalari aks etgan videolarni tarqatganlikda gumonlangan erkakka joriy yilning yanvar oyi boshlarida, uning singlisiga esa aprel oyida sud hukmi o‘qildi. Bu haqda “Gazeta.uz”ga Oliy sud matbuot xizmati xabar berdi.

Birinchi holat bo‘yicha jinoyat ishi Mingbuloq tuman sudida ko‘rib chiqilgan. Ish hujjatlariga ko‘ra, huquq-tartibot idoralari 2022-yilning 27-sentabr kuni o‘tkazilgan tezkor tadbirda 23 yoshli M.A.ni hibsga oladi.

Uning telefonidan Tohir Yo‘ldosh, Abdulloh Zufar, Rafiq Kamolov va boshqa notanish shaxslarning diniy mazmundagi materiallari chiqqan. Bundan tashqari, yigit O‘zbekistonda faoliyati taqiqlangan “O‘zbekiston islomiy harakati-O‘IH”, “Islom jihodi ittixodi” va “Tavhid va jihod katibasi” terrorchilik tashkilotlariga tegishli materiallarni ham tarqatganligi ma’lum bo‘lgan.

Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning ekspertiza xulosasiga asosan, ushbu materiallar diniy aqidaparastlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgani, shuningdek, uni O‘zbekiston hududiga olib kirish, tayyorlash va tarqatish taqiqlangani aniqlangan. Sudda ayblanuvchi sudlanuvchi M.A. aybiga to‘liq iqror bo‘lib, diniy bilimlarni marhum otasi B.X.dan o‘rganganini aytgan.

Shuningdek, u sinfdoshi M.M. ta’sirida Abu Salox, Abdulloh Zufar, Sodiq Samarqandiy, Abdulloh Buxoriy, Rashod qori, Rafiq qori, Obid qori, Abduvali Mirzayev, Toxir Yo‘ldosh va boshqa diniy mazmundagi ma’ruza hamda videroliklar orqali internetda diniy da’vatlar bilan shug‘ullanuvchi qorilarni ma’ruzalarini eshitib, ular ta’siri ostida Suriyaga xijrat va jihod amallarini bajarish uchun ketmoqchi bo‘lganini, lekin M.M. u yerda fitnalar ko‘p ekanligi xaqida aytgach, borish fikridan qaytganligini ta’kidlagan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 2021-yil may oyida ishlash maqsadida Rossiyaning Qozon shahriga borib, sartaroshlik bilan shug‘ullangan. Qozonda yurgan paytida Telegram va Instagram tarmoqlarida shaxsiy profillar ochib, yaqinlariga: singlisi S.A., akasi B.A. va sinfdoshi O.Q.ga yuqorida ismlari keltirilgan qorilar va boshqa noma’lum shaxslarga tegishli diniy mazmundagi ma’ruza va videroliklarni jo‘natgan.

M.A. sud zalida yuqorida keltirilgan diniy mazmundagi audio va video ma’ruzalarni yaqinlariga eshitib ko‘rishlari uchun yuborgani, qilgan ishidan pushaymonligini bildirib, yengillik berishni so‘ragan.

Sud M.A.ga jazo tayinlashda aybiga to‘liq iqrorligi, qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymonligi, muqaddam sudlanmaganligini jazoni yengillashtiruvchi holatlar deb topib, jazoni og‘irlashtiruvchi holatlar mavjud emas degan xulosaga kelgan.

Ayblanuvchi Jinoyat kodeksining 244−1-moddasi (Jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish) 3-qismi “g” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilgan.

6-yanvar kuni sudlanuvchiga 5 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o‘tash belgilangan. M.A.ga tegishli 1 dona uyali telefon ichidagi diniy mazmundagi yozuvlar tegishli tartibda o‘chirilib, MIB tomonidan baholatilgan holda davlat foydasiga musodara qilingan.

2-fevral kuni esa mazkur sud ishi Namangan viloyat sudi jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati tomonidan apellyatsiya instansiyasida ham ko‘rib chiqilgan. Videokonferensaloqa tizimida o‘tkazilgan ochiq sudda ayblanuvchining advokati himoyasi ostidagi M.A.ning muqaddam sudlanmagani, oilaviy ahvoli og‘irligi, yagona boquvchi ekani, otasi vafot etgani, onasi uy bekasi bo‘lib, hech qayerda ishlamasligi, oilasi temir daftarga kiritilganini inobatga olib, sud hukmini o‘zgartirish va JKning 57-moddasini qo‘llab, yengilroq jazo tayinlashni so‘ragan. Sud majlisida M.A. boshqa bunday holat takrorlanmasligini aytib, ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinlashni so‘ragan.

Sudlov hay’ati JIB Mingbuloq tuman sudining 6-yanvardagi hukmini o‘zgarishsiz, apellyatsiya shikoyatini esa qanoatlantirmasdan qoldirishni lozim deb topgan.

Uning singlisi, 2004-yilda tug‘ilgan S.A.ga nisbatan ham jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, sud tomonidan hukm 14-aprel kuni e’lon qilingan. Sud hujjatlarida keltirilishicha, sudlanuvchi S.A. internet orqali “aqidaparastlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan materiallarni tarqatib kelgan”.

Xususan, u 2021-yilning dekabrida Telegram`dan noma’lum ijrochiga tegishli bo‘lgan 04:33 hamda 48:46 daqiqali aqidaparastlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan audiolar hamda “O‘zbekiston islomiy harakati O‘IX” terrorchi tashkilotining 01:51 va 04:22 daqiqadan iborat audioyozuvlarini akasi M.A. ko‘rishini istab, uning Telegram`dagi profiliga yuborib, tarqatganligi aniqlangan.

Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning ekspertiza xulosasiga asosan, ushbu ma’ruzalar diniy aqidaparastlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgani aniqlangan.

Avvaliga ayol sud majlisida aybiga iqror bo‘lmagan. U o‘z akasi M.A. 2021-yilda Rossiya Federatsiyasida ishlaganligi, u telefonini uyda qoldirib ketgani, qurilmadan o‘zi va onasi foydalangani, telefondagi Telegram messenjeriga akasi M.A. ulangani va u aeroportga kirishdan oldin turli mazmundagi audioyozuvlarni jo‘natganini aytgan.

IIB xodimlari S.A.ning telefonini tekshirganida, u 2021-yil dekabridan 2022-yil iyuniga qadar akasi M.A.ning Telegram profiliga 10 ta diniy audeoyozuvni yuborgani, akasi M.A. esa Telegram`dagi boshqa bir profilga 2021-yil dekabrdan 2023-apreligacha 30 dan ziyod diniy mazmundagi audio va video yozuvlarni yuborgani aniqlangan.

Sud majlisida S.A. diniy mazmundagi audio yozuvlarni akasi M.A.ga jo‘natgani, akasidan u yuborgan audio yozuvlarni o‘chirish haqida so‘raganida, M.A. O‘zbekistonga borguncha o‘chirmasligini aytganini ma’lum qilgan. Shundan so‘ng qilgan ishi xato ekanini tushunib yetgani, afsusda ekanligi va pushaymonligini aytib, suddan yengillik berishni so‘ragan.

Sudlanuvchi JKning 244−1-moddasi (Jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish) 3-qismi “g” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilgan. Shunga ko‘ra, qizga ikki yilga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.

Sud hukmiga ko‘ra, ayol yashash joyidan kechqurun soat 22:00 dan ertalab soat 06:00 gacha chiqishi cheklangan.

Bundan tashqari, ushbu vaqt davomida quyidagi taqiqlar qo‘yilgan:

  • ommaviy va boshqa tadbirlar o‘tkazishda ishtirok etmaslik;
  • uni nazorat qiluvchi organning roziligisiz yashash, ish yoki o‘qish joyini o‘zgartirmaslik;
  • Namangan viloyati hududidan tashqariga chiqmaslik;
  • aloqa vositalaridan, jumladan, internetdan foydalanmaslik.

Bundan tashqari, unga tegishli bo‘lgan telefon aqidaparastlik materiallaridan tozalanib, davlat foydasiga musodara qilish, ayolga tegishli profillar tarmoqlardan o‘chirib tashlanishi belgilandi.

Avvalroq, “Odnoklassniki.ru” sahifasida taqiqlangan diniy ma’ruzaga “klass” bosgan navoiylik ayolga 3 yilga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangani haqida yozgandik. 57 yoshli ayol bu harakatni 5 yil oldin Turkiyada muhojir bo‘lib ishlab yurgan paytda sodir etganligi aytgandi.

Qolaversa, YouTube`dagi nashidani Telegram-guruhga yuborgan 21 yoshli yigit 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgandi. Din ishlari bo‘yicha qo‘mita nashidada aqidaparastlik g‘oyalari borligini ma’lum qilgan. O‘shanda bu voqea ijtimoiy tarmoqlarda noroziliklarga sabab bo‘ldi. Aksariyat fuqarolar unga nisbatan tayinlangan jazoni o‘ta og‘ir va adolatsiz deb hisoblagandi. Holat yuzasidan Alisher Sa’dullayev ham fikr bildirgandi.