Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov O‘zbekistonning Rossiyadan sotib oladigan gaz uchun qancha to‘lashi bo‘yicha ma’lumot berolmasligini bildirdi. “Milliy manfaatlar, bozor kon’yunkturasidan kelib chiqib, raqobatbardosh narxlar belgilandi”, — dedi vazir Kun.uz nashriga bergan intervyusida.

16-iyun kuni O‘zbekiston Energetika vazirligi Rossiya gazini mamlakatga yetkazib berish bo‘yicha Sankt-Peterburg xalqaro iqtisodiy forumida kelishuv imzolanganini ma’lum qilgandi. Shartnoma ikki yilga tuzilgan bo‘lib, uning tafsilotlariga ko‘ra, 1-oktabrdan kuniga 9 million kub metr gaz yetkazib berish boshlanishi kutilmoqda. Yillik hajm qariyb 2,8 milliard kub metrni tashkil etadi. Energetika vaziri mazkur kelishuvdagi narx yuzasidan fikr bildirdi.

“Narx izohini berdik, milliy manfaatlarimiz va bozor kon’yunkturasidan kelib chiqqan holda narx kelishildi. Narxni oshkor qilolmaymiz, chunki bu — ikki tomonlama shartnoma. Buni tushuntirganmiz. Umuman, shu yo‘nalishdagi shartnomalarni qarasangiz, biror shartnomada [narx] ochiqlanmaydi, lekin shuni aytishim mumkinki, milliy manfaatlarni inobatga olgan holda raqobatbardosh narxga kelishildi”, — dedi Mirzamahmudov.

Vazirlik bayonotida Rossiya bilan kelishuvdagi tabiiy gaz narxi “viloyatdagi bozor narxlari, respublikadagi joriy narxlar, shuningdek, bozor sharoitlari, narxlarni shakllantirish bo‘yicha rejalashtirilgan islohotlardan kelib chiqib kelishilgani” qayd etilgan.

Vazir o‘z intervyusida bu bo‘yicha savolga ham javob berib, mamlakatda elektr energiyasi tariflari bo‘yicha islohot haqida ham gapirdi.

“Narx bo‘yicha islohot qilmas ekanmiz, e’tibor bersangiz, generatsiya va taqsimot liniyalari, yetkazib berish bo‘yicha ishlayapmiz, lekin iste’mol jihatdan, energiya samaradorligi jihatdan narxlarni muvofiqlashtirmas ekanmiz, birinchi o‘rinda, investorlar kelmaydi. Investorlar nega keladi? Ularga tarif kerak. Ikkinchidan, iste’mol samaradorligini oshirishimiz kerak. Shuning uchun, albatta, bu bo‘yicha ishlayapmiz, taklif kirityapmiz”, — dedi u.

Bozor narxlari asosidagi tariflarga o‘tish shu yil ro‘y berishi mumkinmi, degan savolga vazir: “Muhokama ketyapti. Bizga qancha tez bo‘lsa, shuncha yaxshi, albatta”, — deb javob berdi.