AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi yakshanba kuni bo‘lib o‘tgan muddatidan ilgari prezidentlik saylovi yakunlari bo‘yicha bayonot berdi.

Bayonotda aytilishicha, elchixona “O‘zbekiston vatandoshlarini saylovdagi ishtiroki uchun olqishlaydi hamda saylovda prezident [Shavkat] Mirziyoyevni qo‘llab-quvvatlaganini qayd etadi”.

“Prezident Mirziyoyev yangi vakolatlari doirasida o‘z vazifasini bajarishga kirishar ekan, Qo‘shma Shtatlar uning islohotlar va boshqaruv tizimini takomillashtirish, jumladan, qonun ustuvorligi, hokimiyat tarmoqlari o‘rtasidagi o‘zaro nazorat va muvozanatni ta’minlash, shaxsiy huquqlarni himoya qilish kabi kun tartibida turgan masalalarni ilgari surishda yordam berishga tayyorligini bildiradi. Bu tamoyillarga rioya qilish vakillar boshqaruvining asosi hisoblanadi”, — deyiladi bayonotda.

“Biz prezident Mirziyoyev va O‘zbekiston hukumati bilan AQSh va O‘zbekiston o‘rtasidagi iqtisodiy, ta’lim, odamlar orasidagi o‘zaro munosabat va xavfsizlik sohalaridagi aloqalarni yanada chuqurlashtirish yo‘lida hamkorlik qilishni kutib qolamiz”, — deyiladi bayonotda.

Saylovni ham kuzatgan AQSh elchixonasi YeXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi (DIIHB) xulosalarini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.

“Demokratik tizimlar saylov jarayonlarining yaxlitligini ta’minlashdan tashqari, fuqarolarga haqiqiy, raqobatbardosh ovoz berish imkoniyatlarini taqdim etishi kerak. Qo‘shma Shtatlar O‘zbekiston hukumatini DIIHBning bo‘lajak saylovlar bo‘yicha tavsiyalarini to‘liq bajarishga chaqiradi”, — deyiladi bayonotda.

Eslatib o‘tamiz, saylovda, Markaziy saylov komissiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, Shavkat Mirziyoyev 87,05 foiz ovoz bilan g‘alaba qozongan.